Endi Rossiyaga borgan migrantlar yangi telefon sotib olishga majbur bo‘ladimi?
Olam
−
17 iyul 3301 2 daqiqa
Rossiya Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Igor Zubov mehnat migrantlari va mamlakatga uzoq muddatga boradigan chet elliklar uchun yangi nazorat tizimini joriy etishni taklif qildi va Rossiyaga kiruvchi migrantlar endi majburiy tarzda uyali telefon sotib olishi kerakligini aytdi. Bu haqda u Rossiya Federatsiyasi kengashining xalqaro ishlar qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Hammani kelajak qiziqtiradi, biz qayerga ketayotganimizni bilgisi keladi. Bu yerga kelib ro‘yxatdan o‘tadigan har bir migrant, ayniqsa mehnat migranti yoki uzoq muddatga keluvchi shaxs telefon sotib olishi shart bo‘ladi. Bu telefonda uning elektron profili joylashtiriladi. Biz har bir migrantning qayerdaligini bilib turamiz. U bir aholi punktidan boshqasiga nazoratsiz ko‘cha olmaydi, yashash joyini ham o‘zboshimchalik bilan o‘zgartira olmaydi. Bu tizimning asosi shu bo‘ladi”, degan Igor Zubov.
Biroq bu xabarlar hali rasmiy tasdiqqa ega emas va haqiqatga to‘la moch kelmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, hozirgi vaqtda ushbu masalaga oid qonun loyihasi muhokama bosqichida bo‘lib, u hali qabul qilinmagan.
Shuningdek, qonun loyihasida nazarda tutilgan normalar barcha chet el fuqarolariga emas, balki mobil qurilmaga ega bo‘lmagan yoki “Amina” ilovasini o‘rnatish va undan foydalanishni texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlamaydigan mobil qurilmalardan foydalanuvchi shaxslarga nisbatan tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.
“Shu bois, barcha fuqarolar majburiy tarzda maxsus mobil telefon sotib olishi shartligi haqidagi talqinlar noto‘g‘ri ekanligini ma’lum qilamiz”, deyiladi izohda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat dumasi mehnat migrantlari va ularning oila a’zolariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytiruvchi qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi