Migrantlarning Rossiyada ishlashi uchun talablar kuchaytirildi

Jamiyat

image

Rossiya Davlat dumasi mehnat migrantlari va ularning oila a’zolariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytiruvchi qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda “The Insider” xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘zgartirishlar “Xorijiy fuqarolarning huquqiy maqomi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilmoqda. Asosiy o‘zgarish shundan iboratki, xorijliklarning Rossiya Federatsiyasida ishlash huquqi amalda ularning daromadiga bog‘lab qo‘yilmoqda. Mehnat migrantlari o‘zlarini va Rossiyada birga yashayotgan, o‘zlarining qaramog‘ida bo‘lgan oila a’zolarini boqa olishini isbotlashi kerak bo‘ladi. Daromad miqdori hududiy koeffitsiyentga ko‘paytirilgan yashash minimumidan (tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan) kam bo‘lmasligi shart.

Agar ushbu talab bajarilmasa, xorijliklarning patenti yoki ishlash uchun ruxsatnomasi muddati uzaytirilmaydi. Shundan so‘ng, ular voyaga yetmagan farzandlari bilan birga, agar mamlakatda qolish uchun boshqa qonuniy asoslari bo‘lmasa, 15 kun ichida Rossiyani tark etishi shart bo‘ladi.

Soliq xizmati xorijliklarning daromadlari haqidagi ma’lumotlarni Ichki ishlar vazirligiga avtomatik ravishda uzatishi kerak bo‘ladi. Migrantlarning o‘zlari esa mamlakatda yashash to‘g‘risidagi yillik bildirishnomani topshirishda daromadlari haqida hisobot berishga, jumladan, daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, soliq deklaratsiyasi nusxasi yoki jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘langani haqidagi hujjatlarni taqdim etishga majbur qilinadi.

Qonun mehnat migrantlari farzandlarining mamlakatda bo‘lishini alohida tartibga soladi. Voyaga yetmagan bolalar Rossiyada faqat ota-onasining patenti yoki ishlash ruxsatnomasi amal qilish muddati davomidagina qolishlari mumkin. Yana bir shart – ham migrantlarning o‘zi, ham ularning har bir farzandi uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan avans to‘lovini amalga oshirish hisoblanadi.

Migrantlarning farzandlari 18 yoshga to‘lganidan keyin yo bir oy ichida mamlakatni tark etishlari yoki xuddi shu muddat ichida shaxsiy patent olish uchun ariza topshirishlari va daromad solig‘i bo‘yicha bo‘nak to‘lovini to‘lashlari kerak bo‘ladi.

Qonun, shuningdek, vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma va yashash guvohnomasini bekor qilish asoslarini kengaytiradi. Agar xorijliklar bir yil davomida belgilangan me’yordan kam ishlagan bo‘lsa yoki uning daromadi oilaning har bir a’zosiga hisoblaganda hududiy yashash minimumidan past bo‘lib chiqsa, yashash uchun ruxsatnoma yoki yashash guvohnomasi olib qo‘yilishi mumkin.

O‘zgartirishlarning yana bir bloki yuqori malakali mutaxassislarga tegishli. Ular uchun eng kam ish haqining ikkita toifasini qoldirish taklif etilmoqda. Innovatsion markazlar, oliy o‘quv yurtlari, fanlar akademiyalari, maxsus iqtisodiy zonalar, IT-kompaniyalar, tibbiyot klasteri, “Skolkovo”, “Sirius”, Qrim va Sevastopolda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun quyi chegara 358,5 ming rublni tashkil etadi. Qolgan yuqori malakali mutaxassislar uchun esa 717 ming rubldan kam bo‘lmasligi kerak. Bu mablag‘lar har yili indeksatsiya qilinishi shart.

Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodinning aytishicha, ushbu o‘zgartirishlar migratsiya sohasida “tartib o‘rnatish”ga yordam berishi kerak. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin migratsiya sohasidagi qator davlat bojlari miqdorini oshirish hamda yangi boj turlarini joriy etishni nazarda tutuvchi qonunni imzolagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing