Rossiyada migrantlar uchun davlat bojlari oshiriladi
Olam
−
12:02 2907 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin migratsiya sohasidagi qator davlat bojlari miqdorini oshirish hamda yangi boj turlarini joriy etishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Bu haqdagi qonun hukumat portalida e’lon qilindi.
Hujjat federal byudjet daromadlarini ko‘paytirish, shuningdek, ayrim toifadagi migrantlarga imtiyozlar berishni ham ko‘zda tutadi.
Qonunga ko‘ra, ilgari undirilmagan yangi davlat bojlari joriy etiladi. Xususan, yashash guvohnomasini almashtirish uchun 6 ming rubl, vaqtinchalik yashash ruxsatnomasining dublikatini berish uchun esa 5 ming rubl miqdorida boj to‘lanadi.
Shuningdek, bir necha marotaba chegarani kesib o‘tish vizasini rasmiylashtirish boji 1 920 rubldan 6 ming rublgacha, Rossiyaga kirish taklifnomasini rasmiylashtirish boji 960 rubldan 8 ming rublgacha, yashash guvohnomasini olish boji esa 6 ming rubldan 30 ming rublgacha oshiriladi.
Bundan tashqari, vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini rasmiylashtirish boji 1 920 rubldan 15 ming rublgacha, ta’lim olish maqsadidagi vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi boji 1 920 rubldan 8 ming rublgacha, xorijlik ishchilarni jalb qilish ruxsatnomasi boji har bir xodim uchun 12 ming rubldan 15 ming rublgacha, ishlash ruxsatnomasi boji esa 4 200 rubldan 5 ming rublgacha oshiriladi.
Rossiya fuqaroligini qabul qilish yoki undan chiqish boji 4 200 rubldan 50 ming rublgacha ko‘tariladi. Rossiyaga kirish yoki undan chiqish vizasini berish va uning amal qilish muddatini uzaytirish boji esa 1 200 rubldan 2 ming rublgacha oshiriladi.
Shu bilan birga, qonun ayrim toifadagi xorijliklar uchun imtiyozlarni ham nazarda tutadi. SSSR fuqarolari bo‘lgan hamda Rossiyaning vatandoshlarni ko‘chirish davlat dasturida ishtirok etayotgan shaxslar va ularning oila a’zolari Rossiya fuqaroligini olish uchun davlat boji to‘lashdan ozod etiladi.
Bundan tashqari, Rossiya Prezidenti farmoniga muvofiq mamlakat manfaatlariga xizmat qiluvchi shaxslar deb e’tirof etilgan xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek ularning oila a’zolari vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi yoki yashash guvohnomasini olish uchun boj to‘lamaydi.
Urush davrida Rossiya Qurolli kuchlari bilan xizmat shartnomasini imzolagan xorijliklar ham fuqarolikni qabul qilish va yashash guvohnomasini rasmiylashtirish bojlarini to‘lashdan ozod qilinadi. Bundan tashqari, Rossiya fuqaroligi mavjudligi yoki mavjud emasligi faktini aniqlash uchun davlat boji undirilmaydi.
Ma’lum qilinishicha, qonun rasman e’lon qilinganidan bir oy o‘tib kuchga kiradi. Moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bojlar oshirilishi natijasida federal byudjetga joriy yilda 7,915 milliard rubl, 2027 yildan boshlab esa har yili 15,83 milliard rubl qo‘shimcha daromad tushishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatdan chiqib ketgan fuqarolarga tegishli mol-mulkni vaqtincha xatlash (ya’ni foydalanishni cheklash) imkonini beruvchi yangi qonunni imzolagan edi.
Live
Barchasi