Endi poraxo‘rlar jazodan muddatidan oldin ozod qilinmaydi
Jamiyat
−
24 iyun 2916 2 daqiqa
Endi O‘zbekistonda korrupsion jinoyatda ayblangan, xususan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish bilan jazoga hukm qilinganlar yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamagunigacha jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinmaydi. Bu joriy yilning 22 iyun kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida aks etgan.
Qonun bilan Jinoyat kodeksining qator moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, Kodeksning 73-moddasi (Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish)ga kiritilgan “v1” bandga ko‘ra, endilikda o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlik, shuningdek firibgarlik uchun hukm qilingan va sodir etgan jinoyati tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamagan shaxs yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamagunigacha jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinmaydi.
Qolaversa, ushbu moddaning “g” bandi ham “takroran yoki xavfli retsidevist tomonidan yoxud juda ko‘p miqdorda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilganlik” mazmunida to‘ldirilib, ushbu ayblov bilan hukm qilingan shaxslar ham jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinmasligi belgilandi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 25 may kuni Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullangan, 22 iyun kuni Prezident imzolagan ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning noyabr oyida lavozimidan ozod etilib, 2026 yilning yanvarida Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i o‘zlashtirilganlikda ayblangan sobiq vazir o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev joriy yilning aprel oyi o‘rtalariga kelib, ozodlikka chiqqani ma’lum bo‘ldi. Rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq mulozim yetkazilgan zararni qoplagan.
Live
Barchasi24 iyun