Ekvadorning pley-offga chiqishi ortidan mamlakatda dam olish kuni e’lon qilindi
Sport
−
26 iyun 1625 1 daqiqa
Ekvador Prezidenti Daniel Noboa mamlakat milliy terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionati 1/16 finaliga chiqqanini nishonlash munosabati bilan 26 iyunni dam olish kuni deb e’lon qildi. Bu haqda Prezidentning ijtimoiy tarmoqdagi bayonoti va 431-sonli Prezident farmonida ma’lumot berilgan.
Bunga Ekvador terma jamoasining bugun, 26 iyun kuni guruh bosqichi so‘nggi turida musobaqa favoritlaridan biri bo‘lgan Germaniyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani sabab bo‘ldi.
“Tanqidlar, haqoratlar va qiyinchiliklarga qaramay, o‘zini tiklab, butun mamlakatga shunday ulkan quvonch bag‘ishlagan futbolchilar va murabbiylar shtabiga rahmat. Ertaga bayram! Yashasin Ekvador!” deydi Noboa.
Ekvador terma jamoasi o‘z tarixida beshinchi marta Jahon chempionatida ishtirok etmoqda. Jamoaning mundiallardagi eng yaxshi natijasi 2006 yilda 1/8 finalga chiqqanidir.
Germaniyaga qarshi o‘yindagi g‘alaba orqali Ekvador “E” guruhida 4 ochko bilan uchinchi o‘rinni egalladi va uchinchi o‘rin sohiblari o‘rtasidagi umumiy reytingda birinchi pog‘onaga ko‘tarildi.
Musobaqa nizomiga ko‘ra, guruhlarda uchinchi o‘rinni egallagan 12 ta jamoadan eng yaxshi 8 tasi pley-off bosqichiga chiqadi. Hozirda Ekvador ushbu 8 talikdan tushib ketmaydigan jamoalar sirasiga kiradi.
Live
Barchasi