Eden Azar Premer-liga Shon-sharaf zaliga kiritildi
Sport
−
30 Oktabr 1164 2 daqiqa
Londonning “Chelsi” jamoasi sobiq futbolchisi Eden Azar Premer-liga Shon-sharaf zaliga kiritildi. Bu haqda “The Standart” nashri xabar berdi.
Belgiyalik sobiq yarim himoyachi “Real Madrid”ga o‘tishidan avval “Chelsi” safida Angliya Premer-ligasida 7 yil davomida faoliyat olib borgan. U “Chelsi” tarkibida 85 ta gol urib, 54 ta golli uzatmani amalga oshirgan va klub tarixidagi eng yorqin futbolchilardan biriga aylangan.
Azar bu sharafni Jon Terri, Dide Drogba, Frenk Lempard, Petr Chex va Eshli Koul kabi “Chelsi” afsonalari bilan bir qatorda qo‘lga kiritdi.

“Mening orzum eng yuqori saviyada o‘ynash edi va men bunga erishdim. Bu men uchun katta baxt. Haftadan haftaga eng muhim o‘yinlarda ishtirok etasiz, mavsum oxirida esa jamoadoshlaringiz bilan kubokni ko‘targaningizda – bu juda go‘zal tuyg‘u. Men Premer-ligada 7 yil davomida faol o‘ynaganimdan faxrlanaman. Men har doim maydonda zavq bilan o‘ynashni va muxlislarni xursand qilishni istaganman. Bu tarzda e’tirof etilish men va oilam uchun g‘urur. Breyn-le-Kontdan chiqqan kichkina belgiyalik bola sifatida 34 yoshimda buyuklar qatorida bo‘lish – buni faqat orzu qilish mumkin edi”, deydi Eden Azar.
Shuningdek, Azarning sobiq ustozi “Chelsi” bilan Premer-liga chempionligini qo‘lga kiritgan murabbiyi Joze Mourinyu ham sobiq shogirdini tabriklagan.
“Eden, seni Premer-liga Shon-sharaf zaliga kirganing bilan tabriklayman. Hamma seni bu o‘ringa loyiq ekaningni biladi. Sen men bilan ishlagan eng iste’dodli futbolchilardan birisan. Sen endi tarixda qolding va aytmoqchi, “Chelsi” bilan men uchun so‘nggi chempionlikni yutishda yordam berganing uchun katta rahmat”, deydi Joze Mourinyu.
Ma’lumot uchun, Eden Azar 2012–2019 yillar oralig‘ida “Chelsi” da o‘ynab, londonliklar bilan ikki marta Premer-liga chempionligini, shuningdek, bir marta Yevropa Ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan.