Dunyodagi qotilliklarning 22 foizi jinoiy guruhlar bilan bog‘liq – BMT
Olam
−
12 noyabr 1433 2 daqiqa
Dunyo miqyosida qasddan sodir etilgan barcha qotilliklarning taxminan 22 foizi jinoiy guruhlar faoliyati bilan bog‘liq. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, zo‘ravonlik nafaqat dushmanlarga yoki hukumat vakillariga, balki fuqarolik jamiyati vakillariga – jurnalistlar, inson huquqlari himoyachilari va tadbirkorlarga ham qaratilgan. Xususan, 2020-2022 yillar oralig‘ida taxminan 200 nafar jurnalist o‘ldirilgan, ularning 20 foizi jinoyatchilik haqidagi materiallari sababli nishonga olingan.
BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining (UNODC) yangi tahliliy hisobotida qayd etilishicha, xalqaro miqyosdagi uyushgan jinoyatchilik bugungi kunda eng murakkab va tez rivojlanayotgan tahdidlardan biriga aylangan. Globallashuv, raqamli texnologiyalar va geosiyosiy beqarorlik kuchaygani sayin jinoiy tarmoqlar yanada turfa, moslashuvchan bo‘lib bormoqda va ularning faoliyatini kuzatish tobora mushkullashmoqda.
UNODC hisob-kitoblariga ko‘ra, 2000 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda uyushgan jinoyatchilik har yili o‘rtacha 95 ming kishining umriga zomin bo‘lgan – bu qurolli mojarolardagi talofatlarga teng. Eng xavfli hududlar sifatida Lotin Amerikasi va Karib havzasi qayd etilgan. 2023 yilda u yerda 100 ming kishiga 19,7 ta qotillik to‘g‘ri kelgan, Afrikaning Saxaradan janubdagi mamlakatlarida esa bu ko‘rsatkich 11,9 ni tashkil etgan.
Jinoiy tarmoqlar o‘z faoliyati bilan iqtisodiyotga zarar yetkazadi, investitsiyalar va barqaror rivojlanishga to‘siq bo‘ladi. Uyushgan jinoyatchilik insonning asosiy huquqlarini – hayot va xavfsizlik, so‘z erkinligini buzadi. Odam savdosi esa ekspluatatsiya, zo‘ravonlik va qullikka olib keladi, jinoyatchi guruhlarning hududlar ustidan nazorati esa fuqarolarni himoyalashni imkonsiz qiladi hamda davlatga bo‘lgan ishonchni yemiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq butun dunyoda 2023 yilning avgustidan joriy yilning may oyigacha 163 nafar jurnalist o‘ldirilgani haqida xabar berilgan edi. Ulardan 109 nafari, jumladan, 12 nafar ayol jangovar hududlarda halok bo‘lgan. Eng ko‘p qurbonlar G‘azo sektorida (46 kishi), Sudanda (13 kishi) va Ukrainada (8 kishi) qayd etilgan.
Live
Barchasi