Dunyoda kim ko‘proq maosh oladi: ayollar yoki erkaklar?
Olam
−
19:52 1304 2 daqiqa
Dunyo aholisining yarmidan ko‘pini ayollar tashkil etsa-da, ular hanuz erkaklarga nisbatan o‘rtacha 23 foiz kam maosh olmoqda. Bundan tashqari, dunyodagi rahbarlik lavozimlarining atigi 31 foizdan sal ko‘prog‘ini ayollar egallaydi. Bu haqda BMT e’lon qilgan yangi ma’lumotlarda so‘z boradi.
Xalqaro mehnat tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilda ayollarning atigi 48 foizi rasmiy mehnat bozorida ishtirok etgan. Erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 73 foizni tashkil qilgan. Shu bilan birga, haq to‘lanmaydigan parvarish va uy yumushlarining to‘rtdan uch qismidan ortig‘i ham ayollar zimmasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayollar boshqaruv lavozimlarining qariyb 38 foizini, rahbarlik lavozimlarining esa 31 foizdan sal ko‘prog‘ini egallaydi. Iqtisodiyot va innovatsiyalar rivojiga ta’sir qiluvchi muhim tarmoqlarda esa bu ko‘rsatkich yanada past.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha idorasi vakili Peggi Xiksning aytishicha, ayollar uchun yetakchilik sari yo‘l hamma uchun bir xil emas.
“Ba’zi ayollar uchun yetakchilik pog‘onasi tik. Boshqalar uchun esa u buzilgan. Ko‘pchilik uchun esa u umuman mavjud emas”, deydi u.
Hisobotda qayd etilishicha, ayollar hali ham ishga qabul qilishdagi tengsizlik, gender stereotiplari, ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlik, shuningdek, haq to‘lanmaydigan uy ishlari tufayli martaba qilishda jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda.
Shunga qaramay, ayrim davlatlarda vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmoqda. Jumladan, Marokashda ayollarni rahbarlikka tayyorlash dasturlari natijasida vazirlikdagi ayol rahbarlar ulushi qariyb 35 foizga yetgan. Tanzaniyada esa uy xizmatchilarining mehnat huquqlarini himoya qilish va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilmoqda.
BMT ayollarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtiroki gender tengligini ta’minlash bilan birga iqtisodiy o‘sish va jamiyat rivoji uchun ham muhim omil ekanini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt, anonimlik va samarali qonunlarning yo‘qligi raqamli makonda ayollarga bo‘lgan kibertahdid va virtual zo‘ravonlik xavfini oshirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi