Dubayda janjal uyushtirgan o‘zbekistonliklar o‘limga hukm qilindi (video)
3-sahifa
−
23 yanvar 11924 3 daqiqa
2025 yilning aprel oyida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida janjal uyushtirib qo‘lga olingan O‘zbekiston fuqarolari o‘limga hukm qilingani aytilmoqda. QALAMPIR.UZ ushbu ma’lumotni aniqlashtirish uchun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov bilan bog‘landi.
Birlashgan Arab Amirliklari nashrlari mazkur ish bo‘yicha kecha, 22 yanvar kuni sud hukmi e’lon qilgani va unga ko‘ra, 6 kishi o‘limga, yana bir kishi esa umrbod qamoq jazosiga hukm qilingani haqida xabar tarqatdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonovning bildirishicha, hali tasdiqlangan rasmiy xabar BAA tomonidan berilmagan.
“Olingan ma’lumotlarga qaraganda, ular umrbod jazoga hukm qilingan”, deydi Burxonov.
Qayd etish joiz, bungacha Birlashgan Arab Amirliklarida Moldova–Isroil fuqarosi Svi Koganni o‘g‘irlash va o‘ldirishda ayblangan o‘zbekistonliklar o‘lim jazosiga hukm qilingani, keyinchalik esa Turkiya ularni himoya qilib chiqqani haqida xabarlar tarqalgan edi.
QALAMPIR.UZ Ahror Burxonovdan mazkur fuqarolarning taqdiri bo‘yicha ham ma’lumot so‘radi. Uning bildirishicha, ushbu ish jarayoni hamon davom etmoqda.
Dubaydagi janjal
2025 yilning aprel oyida Dubaydagi benzin quyish shoxobchasida o‘zbekistonliklarning ikki guruh o‘rtasida janjal sodir bo‘lgan edi. Mojaro vaqtida 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. Hodisa qurbonlar o‘z avtomobillarining shinasi havo bosimini tekshirtirish uchun shoxobchaga kelgan paytda, ilgari yuz bergan nizo ortidan boshlangan. Voqea sodir bo‘lgan vaqtda yaqin atrofda bo‘lgan politsiya xodimi darhol rasmiylarga xabar bergan.
Tergov davomida aniqlanishicha, ikki guruh alohida mashinalarda shoxobchaga kelgan. Qurbonlardan biri qizil rangli Mercedes avtomobilidan tushib, shinani tekshirayotgan paytda unga bir guruh erkak hujum qilgan. Ikkinchi jabrlanuvchi esa qochishga uringan, biroq boshqa bir guruh tomonidan ushlanib, unga ham zo‘ravonlik qilingan.
Voqea joyiga yetib kelgan Dubay politsiyasi hududni tekshirgan va mojaro ishtirokchilari tomonidan qoldirilgan buyumlarni dalil sifatida olgan. Voqea joyidagi kuzatuv kameralaridan olingan yozuvlar va guvohlarning ko‘rsatmalari yordamida huquq-tartibot organlari hodisa tafsilotlarini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.
Olib borilgan tezkor tergov natijasida hodisaga aloqador 11 kishi, shu jumladan bosh gumondorlar boshqa bir amirlikdagi mehmonxonada hibsga olingan. So‘roq vaqtida ular hodisada ishtirok etganini tan olib, bunga oldingi ziddiyatlar sabab bo‘lganini aytgan.
Rasmiylar voqea shaxsiy nizo asosida kelib chiqqanini, ishtirokchilar bir-birlarini ilgari tanigani va shaxsiy kelishmovchiliklar mavjud bo‘lganini tasdiqlagan. Ish qo‘shimcha yuridik chora-tadbirlar ko‘rish uchun prokuraturaga topshirilgan. Dubay politsiyasi bunday zo‘ravonlik holatlari shaharda kamdan kam uchrashini, Dubay esa dunyodagi eng xavfsiz shaharlardan biri bo‘lib qolayotganini ma’lum qilgan.
Oldinroq esa BAA sudi o‘tgan yilning noyabr oyida Birlashgan Arab Amirliklarida yahudiy ravvini Svi Koganni o‘ldirishda gumon qilinib ushlangan uch nafar o‘zbekistonlikni o‘limga hukm qilgandi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham QALAMPIR.UZ'ga BAAda o‘zbekistonliklar o‘limga hukm qilinganini tasdiqladi.
Live
Barchasi