Dubay xalqaro aeroporti hududida Eron droni sabab yong‘in yuz berdi
Olam
−
09:03 1558 2 daqiqa
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri xalqaro aeroporti yaqinida uchuvchisiz uchish apparati hujumi oqibatida yoqilg‘i saqlanadigan baklardan biri yonib ketdi. Bu haqda Dubay hukumati matbuot xizmati X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Rasmiy bayonotda aytilishicha, dron bilan bog‘liq hodisa Dubay xalqaro aeroporti atrofida sodir bo‘lgan va oqibatda yoqilg‘i baklaridan biri zarar ko‘rib, yong‘in chiqqan. Fuqaro mudofaasi bo‘linmalari darhol voqea joyiga yetib borib, yong‘inni nazoratga olish ustida ishlagan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlar haqida hech qanday ma’lumot kelib tushmagan.
Shundan so‘ng Dubay fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi xavfsizlik chorasi sifatida aeroportdagi barcha yo‘lovchilar va xodimlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida parvozlarni vaqtincha to‘xtatganini e’lon qilgan.
Qayd etish joiz, Birlashgan Arab Amirliklari Mudofaa vazirligi 12 mart kuni mamlakat havo hujumidan mudofaa kuchlari Eron tomonidan uchirilgan 10 ta ballistik raketa va 26 ta dronni tutib qolganini ma’lum qilgan edi. Umuman olganda, Yaqin Sharqda keskinlik kuchayganidan buyon 1540 ta uchuvchisiz apparat, 278 ta ballistik raketa va 15 ta qanotli raketa yo‘q qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron mintaqa davlatlariga hujumlarni AQSH va Isroil boshlagan harbiy operatsiyadan so‘ng kuchaytirgan. 10 mart holatiga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklarida Eron zarbalari oqibatida 122 kishi jarohatlangan, 6 kishi halok bo‘lgan. Fors ko‘rfazi hududidagi oltita davlat, jumladan Birlashgan Arab Amirliklari ham, avvalroq raketa hujumlari uchun Eronga javob berilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dubay shahrida joylashgan AQSH konsulligi yaqinida yong‘in yuz bergandi. Konsullik yaqinida dron bilan bog‘liq hodisa ortidan chiqqan yong‘in muvaffaqiyatli ravishda bartaraf etilgan. Hodisa joyiga zudlik bilan favqulodda xizmatlar yetib kelgan.
Live
Barchasi