DXX raisi Bahodir Qurbonov O‘FA prezidenti bo‘lishi mumkin
Sport
−
12 fevral
7486O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) prezidenti lavozimiga Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Nizomovich Qurbonov nomzodi ilgari surildi. Bu haqda bugun, 12 fevral kuni O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ustaviga muvofiq, joriy yil 22 fevral kuni O‘FA prezidentligiga saylov bo‘lib o‘tadi. Joriy yilning 20 yanvar kuni O‘FA tomonidan o‘z a’zolariga ushbu lavozimga nomzodlar bo‘yicha o‘z takliflarini yuborishlarini so‘rab murojaat qilingan. O‘FA rasmiy elektron pochtasiga kelib tushgan nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘FA Saylov qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ustavi va Saylov kodeksiga muvofiq tekshirilib, O‘FA ustavining 30-moddasiga asosan, Kongressdan 30 kun oldin O‘FA Kotibiyatiga taqdim etilgan.
O‘FA ustavining 33-moddasiga ko‘ra, O‘FA a’zolari navbatdan tashqari saylov Kongressining o‘tkazilish joyi va kun tartibi to‘g‘risida Kongress o‘tkazilishidan kamida 10 kun oldin xabardor qilinishi lozim. Shu munosabat bilan, Kongressning o‘tkazilish joyi va kun tartibi 2025 yil 12 fevral kuni barcha a’zolarga yetkazilishi belgilangan.
Shuningdek, O‘FA Saylov kodeksining 11-moddasida nomzodlarning rasmiy ro‘yxati to‘g‘risidagi ma’lumotlar matbuotda ham e’lon qilinishi zarurligi keltirilgan bo‘lib, O‘FA a’zolari tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti lavozimiga Bahodir Nizomovich Qurbonov nomzodi ilgari surilgan.
Eslatib o‘tamiz, 21 yanvar kuni Abdusalom Azizov O‘FA prezidenti lavozimidan ozod etilgandi. Uning vazifalari esa O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov zimmasiga vaqtinchalik yuklangan.