Dengiz ostidan 700 yil avval suvga cho‘kkan shahar topildi
Olam
−
11:17 1426 2 daqiqa
Buyuk Britaniyaning Norfolk grafligi sohillari yaqinida g‘avvoslar XIV asrda dengiz ostida qolgan Shipden o‘rta asr shaharchasiga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan 25 ta inshoot qoldig‘ini aniqladi. Bu haqda “What’s The Jam” xabar berdi.
Qayd etilishicha, topilmalar Kromer sohillaridan bir necha yuz metr uzoqlikdagi dengiz tubidan aniqlangan. Ular orasida chaqmoqtoshdan qurilgan inshootlar, tosh konstruksiyalarning quyi qismlari va kesilgan tosh bo‘laklari bor.

Tadqiqotchilarning fikricha, mazkur inshootlar XIV asrda Shimoliy dengiz suvlaridan hududni himoya qilish maqsadida qurilgan to‘siqlar tarkibiga kirgan bo‘lishi mumkin. Yana bir taxminga ko‘ra, ular 1390 yilda qurilishiga ruxsat berilgan pirs bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar hozircha bu fikrlar faqat taxmin ekanini ta’kidlamoqda.
Shipden bir vaqtlar Norfolkning shimoliy sohilidagi rivojlangan aholi punkti bo‘lgan. 1086 yilda tuzilgan “Domesday Book”da shaharchada 117 nafar aholi, 3 akr o‘tloq, 36 ta cho‘chqani boqishga yetarli o‘rmon, port va ikkita cherkov bo‘lgani qayd etilgan.

Keyinchalik dengiz sohilining yemirilishi oqibatida shahar asta-sekin suv ostida qolgan. 1362 yil yanvar oyidagi kuchli bo‘ron esa sohilga jiddiy zarar yetkazgan.
Topilmalar Shipden bilan bog‘liq mashhur afsonalardan biriga ham oydinlik kiritishi mumkin. Xususan, mahalliy rivoyatlarda dengiz ostidagi “Church Rock” deb ataluvchi joyda Avliyo Pyotr cherkovining minorasi saqlanib qolgani, hatto bo‘ron paytida uning qo‘ng‘irog‘i ovozi eshitilishi aytilgan.

Biroq g‘avvoslar hozircha mazkur joyda cherkovga tegishli ekanini aniq tasdiqlaydigan inshootni topmagan. Tadqiqotchilar “Church Rock” cherkov emas, balki o‘rta asrlarda dengizdan himoyalanish uchun qurilgan chaqmoqtosh inshooti bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Mutaxassislar maxsus suratga olish texnologiyalari yordamida topilmalarning dastlabki 3D modellarini ham yaratgan. Tadqiqot davomida aniqlangan inshootlarning ayrimlari asrlar davomida suv ostida bo‘lishiga qaramay, 8–10 qator tosh balandligida saqlanib qolgan.

Tadqiqotchilar hozircha aniq xulosalar emas, balki mavjud dalillar asosida turli taxminlarni ilgari surmoqda. Ular kelasi yili mazkur hududda tadqiqotlarni davom ettirishni rejalashtirgan.
Topilmalar va ularning 3D rekonstruksiyalari Kromer muzeyida namoyish etilishi hamda maxsus onlayn platformada e’lon qilinishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro arxeologlar guruhi Meksika junglilarida ilgari noma’lum bo‘lgan, olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ming yildan ortiq vaqt davomida yashirin bo‘lib kelgan Mayya sivilizatsiyasiga tegishli shaharni topgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi