Sulhga qaramay G‘azoda qon to‘kilishi davom etmoqda
Olam
−
26 noyabr 2025 2127 2 daqiqa
24 noyabr tongida Isroil armiyasining G‘azo sektori va Xon Yunusga uyushtirgan hujumlari oqibatida to‘rt nafar falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Isroilning havo zarbalari va tank hujumlari Rafahning shimoli-sharqi hamda G‘azo sektoridagi Xon Yunusning sharqiy hududlariga yo‘naltirilgan.
Isroil kuchlari G‘arbiy Sohilda ham hujumlarni davom ettirgan. Bu yerda 16 nafar falastinlik hibsga olingan.
Qolaversa, Isroil armiyasi Sharqiy Galileyada harbiy o‘quv mashg‘ulotlarini boshlagan. Isroil mudofaa kuchlari vakilining aytishicha, ikki kunlik bu mashg‘ulotlar armiyaning turli ssenariylarga tayyorgarligini tekshirish va oshirishga qaratilgan.
Qayd etish joiz, 10 oktyabr kuni AQSH vositachiligida G‘azoda tinchlik sulhi e’lon qilingandi va buni AQSH Prezidenti Donald Tramp tantanavor ravishda e’lon qilgandi. Kelishuvda birlamchi masalalar ko‘rilgan va eng murakkablari keyingi muzokaralarga qoldirilgan.
Kelishuvdagi asosiy shart bajarildi – HAMAS G‘azoda tirik qolgan 20 nafar garovdagi shaxsning barchasini qaytargan. Isroil esa qamoqxonalari va harbiy hibsxonalarida saqlanayotgan qariyb 2 ming nafar falastinlik mahbusni ozod qildi. Kelishuv, shuningdek, 28 nafar garovdagining jasadini 360 nafar HAMAS a’zolari jasadiga almashishni nazarda tutgandi.
Shunday bo‘lsa-da, G‘azo ko‘chalarida tinchlik ovozi yangramadi. Urushlar haligacha davom etmoqda. Isroil turli bahonalar bilan G‘azodagi tinch aholini o‘qqa tutishdan tiyilmayapti. Masalan, yaqindagina Isroilning G‘azodagi hujumlari kamida 28 falastinlikning o‘limiga sabab bo‘lgandi. Isroil mudofaa kuchlari bu hujumlarni Janubiy G‘azodagi Xon Yunus shahrida “bir nechta terrorchilar” Isroil askarlariga o‘q uzgani uchun amalga oshirilganini aytgan. Sulhni tantanavor e’lon qilgan tomon esa hududdagi keyingi vaziyatning qanday ketayotganiga unchalik e’tibor qaratmayapti.
G‘azo sektori Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroilning hujumlari oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 69 ming 733 nafarga yetgan, jarohat olganlar esa 170 ming 863 nafarni tashkil etmoqda.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025