Chirchiqda 19 va 17 yashar qizlar narkotik tarqatayotganda qo‘lga tushdi (video)
3-sahifa
−
13:34 701 2 daqiqa
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida sintetik giyohvandlik vositalarini internet orqali sotish bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, IIV Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan o‘tkazilgan tadbirlarda 2006 yilda tug‘ilgan qiz va uning 2008 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan sherigi sintetik giyohvandlik vositalarini tarqatayotgan vaqtda ushlangan. Tekshiruvda voyaga yetmagan qiz ijarada yashab, sotish maqsadida 1 kg 259 gramm sintetik giyohvandlik vositasini saqlayotgani aniqlangan.
Tezkor tadbirlar davomida Chirchiqda yashovchi yana bir shaxs 2009 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizni jinoiy faoliyatga jalb qilgani ma’lum bo‘lgan. U 1988 yilda tug‘ilgan ayol bilan birga “zakladka” usulida 150 gramm sintetik giyohvandlik vositasini tarqatayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Ularning yashash xonadonlari ko‘zdan kechirilganda, 2 kilogramm 850 gramm “mefedron”, 200 gramm “Alfa-PVP” va 200 gramm “geroin”, shuningdek, giyohvandlik vositalarini qadoqlashda ishlatiladigan paketlar, izolyatsion lenta va tarozilar topilgan.
Shuningdek, internet orqali faoliyat yuritgan narkodo‘konga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilgan. Qibray tumanida tarqatish maqsadida giyohvandlik vositalarini to‘rtta manzilga yashirishga uringan shaxslar aniqlangan. Ularning orasida talabalar ham bor.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, o‘tkazilgan tadbirlar natijasida jami 4 kilogramm 700 gramm giyohvandlik vositasi musodara qilinib, ularning noqonuniy tarqatilishining oldi olingan. Bildirilishicha, hozirda narkodo‘kon faoliyatiga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida yashirin usulda tarqatish uchun tayyorlangan 1,7 kilogrammdan ortiq sintetik giyohvandlik vositalari musodara qilingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi