Chetdan olib kelingan 5,3 mlrd so‘mlik dori vositalari to‘xtatildi
3-sahifa
−
29 may 2838 2 daqiqa
Rossiya va Qozog‘istondan noqonuniy olib kelingan 5 mlrd 353 mln so‘mlik dori vositalari to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasidan O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatlar nomiga yuborilgan tovarlar ortilgan 2 ta GAZ rusumli yuk avtotransport vositalari Toshkent viloyatidagi “Yallama” chegara-bojxona postiga “qizil yo‘lak”da kirib kelganidan so‘ng ularni to‘liq bojxona ko‘rigidan o‘tkazish maqsadida bojxona xodimi kuzatuvi ostida belgilangan manzil bojxona postiga yo‘naltirilgan. Lekin, yarim yo‘lda bojxona xodimi mashinalarni belgilangan manzilgacha kuzatib bormasdan, ularni nazoratsiz qoldirib, erkin harakatlanishiga zamin yaratgan.
Bundan foydalangan haydovchilar yo‘nalishni o‘zgartirib, Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 1966 yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadoniga borgan.
So‘ngra Rossiya va Qozog‘istondan kitob, aksessuar va kiyim-kechaklar orasiga yashirgan holda olib kelingan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan “Aktovegin”, “Kleksan”, “Remaksol” kabi 214 nomdagi jami 52 ming 459 dona dori vositalarini yuk mashinasiga o‘rnatilgan bojxona muhrini buzmagan holda xonadonga tushirib, belgilangan manzil bojxona posti tomon yo‘lga chiqqan vaqtida DXX hamda Bojxona qo‘mitasining shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlangan. Sifati kafolatlanmagan ushbu dori vositalarining umumiy qiymati 5 mlrd 353 mln so‘mni tashkil etadi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi mazkur tovarlarni qo‘shni davlatdan O‘zbekistonga o‘tkazib berishi evaziga yuk avtomashinalari haydovchilariga 2000 AQSH dollari va’da qilgani ma’lum bo‘lgan.
Hozirda yuk mashinalari haydovchilari va dori vositalari tushirilgan Yuqori Chirchiq tumanidagi xonadon egasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi (Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, xizmat majburiyatini to‘laqonli bajarmay, xorijdan noqonuniy olib kelingan dori vositalarini yuk mashinalaridan tushirib qoldirilishiga zamin yaratgan “Yallama” chegara-bojxona posti inspektorining xatti-harakatlariga nisbatan tergov davomida huquqiy baho beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining “Navoiy” chegara bojxona postidan kirib kelayotgan fuqaro 100 dona dori vositasini beliga yashirib kirayotganda to‘xtatilgandi.