Chegara muammosini hal qilmagan Rahmon xalqini qirg‘izlar bilan bag‘rikeng bo‘lishga chaqirdi
Olam
−
18 aprel 2022
6140Tojikiston va Qirg‘iziston chegara muammolarini faqat muzokaralar yo‘li bilan hal qilishi mumkin. Bu haqda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon Qirg‘iziston bilan chegaradosh Isfara shahri rahbariyati va faollari bilan uchrashuvi chog‘ida so‘z ochdi. Uchrashuv kecha, 17 aprel kuni davlat rahbarining So‘g‘d viloyatiga amaliy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan.
Prezident Tojikiston hukumati Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasini demarkatsiya qilish bo‘yicha muzokaralarni imkon qadar tezroq o‘tkazishdan manfaatdor ekanini qayt etdi.
"Ammo, ta’kidlaymanki, chegara-hududiy masalalarni hal etish, davlat chegarasini muvofiqlashtirish va demarkatsiya qilish juda murakkab jarayon bo‘lib, mutaxassislarning ko‘p vaqt va sa’y-harakatlarini talab qiladi. Tojikiston har ikki tomonning milliy manfaatlarini hisobga olgan holda mavjud muammolarga o‘zaro manfaatli yechim topish bo‘yicha muzokaralarning qat’iy tarafdori hisoblanadi”, deydi 28 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan Rahmon.
U isfaraliklarni yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hamjihatlikka, bag‘rikeng bo‘lishga, his-tuyg‘ularga berilmaslikka chaqirdi.
“Qayta aytamanki, davlatlar o‘rtasidagi chegara masalalari faqat muzokaralar yo‘li bilan hal qilinadi, boshqa yo‘l yo‘q”, deydi Tojikiston rahbari.
Shuningdek, u isfaraliklar uchun tojik-qirg‘iz davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish asosiy masalalardan biri ekanini eslatdi. Davlat rahbari Tojikiston tomoni Qirg‘iziston bilan 2002 yildan buyon ikki davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha hukumatlararo komissiya doirasida muzokaralar olib borayotganini aytdi.
“Hozirgi kunga qadar Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiya delegatsiyalari va ishchi guruhlari o‘rtasida 170 dan ortiq uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi”, deydi u..
Tojikiston Prezidenti 14 aprel kuni amaliy tashrif bilan respublikaning So‘g‘d viloyatiga keldi, bir qancha shahar va viloyatlarda bo‘ldi, ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega ob’ektlarning ochilish marosimida ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 aprel kuni tojik-qirg‘iz chegarasida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida navbatdagi otishma sodir bo‘ldi. Unda 27 yoshli tojik chegarachisi Zoir Saidumarov halok bo‘ldi.
To‘qnashuv chegaradosh viloyatlar vakillarining uchrashuvidan so‘ng to‘xtatildi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 14 aprel kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov xalqqa murojaat qilib, o‘z prezidentlik muddatining oxiriga qadar chegara bilan bog‘liq barma muammolarni hal etishga va’da berdi.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi navbatdagi keskinlashuv yanvar oyining oxiridan beri davom etmoqda: o‘shanda chegarachilar o‘rtasidagi otishmada tojikistonlik ikki harbiy halok bo‘lgan, olti nafar harbiy yaralangan, Qirg‘izistonda esa sakkiz nafar harbiy yaralangan.
Shundan so‘ng Tojikiston va Qirg‘iziston delegatsiyalari chegarada o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish hamda avvalroq mojaro joyiga jalb qilingan qo‘shimcha kuch va vositalarni olib chiqishga kelishib oldi. Shunga qaramay, chegarada vaqti-vaqti bilan otishmalar davom etmoqda.
So‘nggi yillarda Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida qurol ishlatish bilan bog‘liq kelishmovchiliklar bir necha bor sodir bo‘lgan. Oxirgi marta yirik to‘qnashuvlar o‘tgan yilning aprel oyi oxirida yuz bergandi. Mojaroga sabab bahsli hudud – “Golovnoy” suv taqsimlash punkti yoniga kameralar o‘rnatilgani bo‘lgan. Natijada har ikki davlat harbiylari aralashgan.
Qirg‘izistonning 180 dan ortiq fuqarosi to‘qnashuvlar davomida jabr ko‘rgan, deb xabar qildi respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi. 34 kishi vafot etgan. Tojikiston mojaro qurbonlari haqida rasmiy ma’lumot bermadi.
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara uzunligi 970 km. Chegaraning 460 kilometri bo‘yicha kelishuvlar mavjud emas, shuning uchun har ikkala davlat ham u yoki bu uchastkaga o‘z da’volarini e’lon qilganda, vaqti-vaqti bilan nizolar kelib chiqadi.