Bo‘stonliqda 320-280 ming yillik noyob buyumlar topildi
Jamiyat
−
16:35 1171 2 daqiqa
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Arkutsoy paleolit yodgorligida 320-280 ming yil avval shakllangan qatlamdan inson tomonidan ishlov berilgan tosh buyumlar topildi. Agar ushbu 320-280 ming yillik sana laboratoriya tahlillari bilan tasdiqlansa, Arkutsoy O‘zbekistondagi eng qadimgi paleolit yodgorligi sifatida e’tirof etilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, topilmalar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Antropologiya instituti hamda Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limining Arxeologiya va etnografiya instituti mutaxassislari olib borayotgan qo‘shma tadqiqotlar davomida aniqlangan.
Arkutsoy yodgorligini maqsadli arxeologik o‘rganish 2024 yilda boshlangan. Hozirda qazishma va kuzatuv ishlari uchta alohida maydonda olib borilmoqda.
Tadqiqotlar davomida yodgorlikning birinchi, ikkinchi va uchinchi qadimgi qazilma tuproq qatlamlaridan inson tomonidan ishlov berilgan tosh artefaktlar topilgan. Bu esa qadimgi insonlar mazkur hududni bir necha bosqichda o‘zlashtirganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislarning dastlabki geologik va paleoiqlimiy baholashlariga ko‘ra, uchinchi qatlam 320-280 ming yil avval shakllangan.
Avvalgi tadqiqotlar jarayonida yodgorlikning 20 va 40 metr chuqurlikdagi qatlamlaridan ham ayrim tosh artefaktlar topilgan. Biroq ularning aniq stratigrafik holati yetarlicha hujjatlashtirilmagani sababli, topilmalarni muayyan davrga tegishli ekanini ishonchli aniqlashning imkoni bo‘lmagan.
Olimlarning aytishicha, yangi topilmalar qadimgi insonlarning Markaziy Osiyoga tarqalishi va tabiiy-iqlimiy sharoitlarga moslashuvini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, lyoss va qazilma tuproq qatlamlarini arxeologik topilmalar bilan birgalikda o‘rganish orqali qadimgi insonlar faoliyati, iqlim o‘zgarishlari va landshaft rivoji o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash mumkin.
Agar 320–280 ming yillik sana mustaqil laboratoriya tahlillari bilan tasdiqlansa, bu qadimgi insonlar Toshkent vohasi va O‘zbekiston hududini bundan 320 ming yil avval ham o‘zlashtirganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Boburtepa arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar davomida qadimiy bino qoldiqlari va noyob devoriy surat namunasi topilgan edi.
Live
BarchasiTibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi
28 avgust
Maktablarda qamrov 78 foizga oshirildi
28 avgust