Buxoroda “jinnixona”dagi 15 yoshli sog‘lom qiz uyiga qaytarildi
Jamiyat
−
04 aprel
41535Buxoroda sog‘lom bo‘lsa ham, ruhiy kasalliklar dispanserida qolayotgan 15 yoshli qiz uyiga qaytarildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Qayd etilishicha, ombudsmanga Buxoro viloyati Ruhiy-asab kasalliklari dispanseri ma’muriyatidan murojaat kelib tushgan.
Murojaatda 2009 yilda tug‘ilgan M.Ya (qiz bola) ruhiy-asab kasalliklar dispanseriga joylashtirilgani, lekin bugungi kunda u faol davolanishga muhtoj emasligi, hozirda o‘smir qizdan hech kim xabar olmasligi, onasi bilan telefon orqali gaplashilganda u qizini olib ketolmasligi bayon qilingan.
Bolalar ombudsmani voyaga yetmagan M.Ya.ning oilasidagi ijtimoiy holat baholanishi va uning shifoxonadan chiqarilib, sog‘lom hayotga moslashuvi yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligiga so‘rov yuborgan.
Agentlik tomonidan mazkur holat atroflicha o‘rganilgan.
"Jumladan, agentlikning Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan voyaga yetmagan qizning oilasi ijtimoiy vaziyati o‘rganilib, uning onasi bilan uchrashildi va tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada farzandi M.Ya. joriy yilning 19 mart kuni Buxoro viloyati Ruhiy-asab kasalliklari dispanseridan chiqarilib, yashash manziliga olib ketildi", deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, o‘smir qiz hozirda o‘qishini Buxoro shahridagi 8-sonli umumiy o‘rta maktabda davom ettira boshlagani aytilmoqda.
LiveBarchasi