“Bo‘g‘zigacha to‘ydi”. Bernem tayinlovdan 2 hafta o‘tib ta’tilga chiqdi
Olam
−
22:36 957 2 daqiqa
Buyuk Britaniyaning yangi Bosh vaziri Endi Bernem rasmiy tayinlovidan so‘ng bor-yo‘g‘i ikki hafta o‘tib ta’tilga chiqdi. Bu haqda “The Telegraph” xabar beradi.
Nashrning xabar berishicha, mamlakatning yangi Bosh vaziri Endi Bernem lavozimga kirishganidan ikki hafta o‘tib ta’til olgan. Mahalliy aholi orasida shunchaki Dauning-strit, 10 manzili bilan tanilgan uning qarorgohi matbuot xizmati u oilasi bilan vaqt o‘tkazish uchun tanaffus olishini ma’lum qilgan. Dauning-strit, 10 Bernem va uning oilasi qancha vaqt yo‘q bo‘lishi va qayerga jo‘nab ketishini oshkor qilmagan.
“Hukumat odatdagidek ishlashda davom etmoqda, Bosh vazir mulozimlar bilan aloqada bo‘lib turibdi, uchrashuvlar o‘tkazmoqda va hukumat faoliyati haqida muntazam ma’lumot olib turibdi”, deydi uning ofisi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Bosh vazirning barvaqt ta’tili “Reformalar” partiyasi tomonidan tanqidga uchragan. Uni partiya raisi Li Anderson keskin tanqid qilgan.
“Bernemning allaqachon joniga tegdi. Ikki hafta o‘tib, Endi Bernem bo‘g‘zigacha to‘ydi. Moliyaviy ta’minlanmagan bir qator majburiyatlardan voz kechib va mamlakatimizga 2000 dan ortiq noqonuniy migrantlar kirib kelishiga yo‘l qo‘yib, u chet elga hordiq chiqargani ketdi. Bu rahbarlikka jiddiy qaraydigan Bosh vazir emas”, deydi Anderson.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Leyboristlar partiyasi yetakchisi Endi Bernem rasman Buyuk Britaniya Bosh vaziri bo‘lgan edi. Bungacha 2024 yil iyulidan beri Buyuk Britaniya Bosh vaziri lavozimini egallab kelgan Kir Starmer o‘z lavozimidagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.