Britaniyaning sobiq bosh vaziri Zelenskiyga maslahatchi bo‘ldi
Olam
−
27 fevral 6394 2 daqiqa
Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Rishi Sunak Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning iqtisodiy tiklanishi bo‘yicha bir nechta xalqaro maslahatchilaridan biri lavozimini egalladi. Bu haqda hujjatlarga tayanib, “The Independent” xabar berdi.
Gazetaning yozishicha, sobiq bosh vazir Zelenskiyning Ukrainani iqtisodiy yangilash bo‘yicha xalqaro maslahat kengashi tarkibida haq to‘lanmaydigan (jamoatchilik asosida) faoliyatini boshlagan.
Maslahat kengashi ham Zelenskiyga, ham uning iqtisodiy maslahatchisi, Kanadaning sobiq bosh vaziri o‘rinbosari Xristiya Frilandga maslahat beruvchi ekspertlar guruhini shakllantirishi kutilmoqda.
Sunak bosh vazir sifatida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash u uchun sharaf bo‘lganini va hozir ham ushbu ishni davom ettirishdan mamnunligini bildirgan.
“G‘arbga kuchli Ukraina kerak, kuchli Ukrainaga esa kuchli iqtisodiyot zarur”, deydi u.
Qayd etilishicha, sobiq bosh vazir kengashning birinchi yig‘ilishida boshqa xalqaro arboblar, jumladan, Jahon banki prezidenti Ajay Banga va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Odil Reno-Basso bilan birga ishtirok etgan. Tadbirda, shuningdek, Siemens, BlackRock, Citigroup va ArcelorMittal kabi yirik kompaniyalar vakillari ham qatnashgan.
Ma’lumot uchun, Rishi Sunak 2022 yil kuzida Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lgan edi. U 2024 yil yozida saylovlardagi mag‘lubiyatdan so‘ng hukumat rahbari lavozimini tark etganini e’lon qildi va rafiqasi bilan birga Dauning-stritdagi uyini tark etdi. Uning o‘rnini Leyboristlar partiyasi yetakchisi Kir Starmer egalladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rishi Sunak Microsoft korporatsiyasining katta maslahatchisi lavozimini egallagan edi.
Live
Barchasi