Braziliyadagi to‘qnashuvlar davom etadi. Yuzlab qurbonlar bor (video)
Olam
−
30 Oktabr 2025 4480 2 daqiqa
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida politsiya va “Qizil jamoa” deb ataluvchi jinoiy guruh o‘rtasida shahar tarixidagi eng yirik operatsiya chog‘ida to‘qnashuvlar yuz berdi va oqibatda 130 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda G1 xabar berdi.
Shaharning eng yirik ko‘chalarida giyohvand moddalar mafiyasi va politsiya o‘rtasida haqiqiy urush avj olgan. Bir necha kun ichida o‘lganlar soni 130 kishiga yetdi.
“Qizil jamoa” to‘dasiga qarshi reydlar 28-29 oktyabr kunlari Rio-de-Janeyro shimolidagi Penya va Alemao favelalarida (kambag‘al tumanlar) bo‘lib o‘tgan. Operatsiyada taxminan 2500 xavfsizlik xodimi ishtirok etgan. Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, bu mamlakat tarixidagi eng halokatli politsiya operatsiyasi.
Bu vaqtga kelib, Braziliya rasmiylari 119 kishining o‘limini tasdiqlagan edi. Advokatlar qurbonlar sonini 130 dan ortiq deb hisoblamoqda.
Rio-de-Janeyro rasmiylari 118 ta qurol, jumladan, avtomatik qurollar va portlovchi moddalar musodara qilinganini xabar qilgan. 10 nafar o‘smirni o‘z ichiga olgan 113 kishi hibsga olingan.
Shu bilan birga, Braziliya Adliya vaziri Rikardo Levandovski qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirgan.
“Prezident qurbonlar sonidan hayratda”, degan Levandovski Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaning qurbonlar soniga munosabatini tilga olib.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham politsiya reydlari davomida qurbonlar ko‘payganidan xavotir bildirgan. U Braziliya rasmiylarini inson huquqlarini hurmat qilishga va voqeani tekshirishga chaqirgan.
Qolaversa, dunyodagi o‘nlab inson huquqlari tashkilotlari ham reydni qoralagan.
Eslatib o‘tamiz, bir kun oldin 2500 politsiya xodimi va jinoiy guruh a’zolari o‘rtasidagi otishmalarda 64 kishi, jumladan, to‘rt nafar politsiya xodimi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, bu operatsiya 2010 yildagi mashhur favella janglaridan ham kattaroq ko‘lamda o‘tgan. O‘shanda 30 dan ortiq kishi, jumladan, harbiylar va gumonlanuvchilar halok bo‘lgan.
Live
Barchasi