Bodrumda dam olayotgan Ramzan Qodirovning ahvoli og‘irlashdi – OAV

Olam

image

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov kecha, 24 iyul kuni Turkiyaning Bodrum shahrida dam olayotganida og‘ir ahvolga tushib, nafas ololmay qoldi. Bu haqda TRT Haber yozdi.

Ma’lum qilinishicha, Qodirov cho‘milayotganida o‘zini o‘nglolmay deyarli cho‘kib ketgan. Xabarlarga ko‘ra, siyosatchi suvga kirganida o‘zini yomon his qila boshlagan, biroq yaqin atrofda bo‘lgan qutqaruvchilar unga o‘z vaqtida yordam bergan. Tez orada uni suvdan olib chiqishgan, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va shifoxonaga yetkazilgan. Shifokorlar uning ahvolini barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘lgan.

“Baza” nashrining yozishicha, xorijiy OAV tarqatayotgan ma’lumotlarda g‘alati jihatlar bor. Ma’lumki, Qodirov doimo o‘zining shaxsiy xavfsizlik xizmatidan iborat jamoa bilan yuradi va agar Checheniston rahbari xavf ostida bo‘lgan bo‘lsa, birinchi bo‘lib aynan ular unga yordam berishi kerak edi.

Bundan tashqari, bu xabarning birinchi manbasi GZT nashridir, u doimiy ravishda Qodirov haqida xabarlar e’lon qiladi, keyinchalik esa ularni Qodirovning o‘zi rad etadi. Boshqa yirikroq OAV ham bu xabarni e’lon qilgan, biroq hech qanday boshqa manbalarni ko‘rsatmagan.

Shuningdek, ushbu voqea sodir bo‘lgan deb aytilayotgan vaqtda Qodirov o‘zining Telegram-kanalida bir nechta postlar e’lon qilgan. Rossiyaning “Lenta.ru” nashriga ko‘ra, u kecha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni bilan ham tabriklagan. 

Qodirov bu borada hali hech qanday rasmiy izoh berganicha yo‘q. Siyosatchi hozirda shifoxonada bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda Qodirovning qizi Ayshat dengiz manzarasini aks ettirgan suratni e’lon qilgan. Biroq surat qaerda va qachon olingani haqida hech qanday qo‘shimcha ma’lumot keltirilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Checheniston rahbarining sog‘lig‘i og‘ir ekani haqida xabarlar tarqalgandi. Keyinroq Ramzan Qodirov bunday xabarlarni rad etib, ularni “puch mish-mishlar” deb atagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ramzan Qodirov Checheniston Bodrum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing