Blinken dunyoni Xitoy qo‘llab-quvvatlayotgan Rossiyaga “aldanmaslikka” chaqirdi
Olam
−
21 mart 2023 6259 2 daqiqa
Kecha, 20 mart kuni Xitoy rahbari Si Szinpin Moskvada yuqori darajadagi davlat tashrifini boshlagach, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken xalqaro hamjamiyatni Ukraina urushi borasida Rossiya va Xitoy tomoniga chalg‘imaslik haqida ogohlantirdi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Blinken urushni tugatish bo‘yicha har qanday reja BMT Nizomiga muvofiq, Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashi kerakligini aytgan. AQSH bosh diplomatining ta’kidlashicha, bunday shartlar mavjud bo‘lmagan sa’y-harakatlar shunchaki adolatsiz natijaga olib keladi.
“Dunyo Rossiyaning Xitoy yoki boshqa davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan, urushni o‘z shartlariga ko‘ra to‘xtatishga qaratilgan har qanday taktik harakati bilan chalg‘imasligi kerak”, degan Blinken.
Shuningdek, u Si Szinpinning Rossiya poytaxtiga uch kunlik tashrifi Xalqaro jinoiy sud tomonidan Putinni hibsga olish orderi chiqarilgani arafasida bo‘lgani, bu esa Pekin Kremlni Ukrainada sodir etilgan vahshiyliklar uchun javobgarlikka tortish bo‘yicha hech qanday mas’uliyatni his qilmasligini ko‘rsatayotganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi joriy yilning 24 fevral kuni Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solish rejasini e’lon qilgandi. Hujjat 12 banddan iborat bo‘lib, uning asosiy bandlari tinchlik muzokaralarini qayta boshlash va harbiy harakatlarni Rossiya foydasiga to‘xtatish haqida edi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xitoy Raisi Si Szinpin Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan norasmiy uchrashuvda Xitoy Ukraina inqiroziga siyosiy yechim topishda konstruktiv rol o‘ynashda davom etishga tayyor ekanini aytgan edi.
Live
Barchasi