Bir uyda yashaydigan oilalarning har biriga elektr uchun alohida hisobraqam ochilishi kutilmoqda
Jamiyat
−
13 iyul
13108O‘zbekistonda bitta xonadonda yashovchi ko‘p oilalarning har biriga elektr energiyasi bo‘yicha alohida hisobraqam ochish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 11 iyul kuni o‘tkazilgan press-turda “Hududiy elektr tarmoqlari” boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayev ma’lum qildi.
G‘aybullayevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda bitta xonadonda to‘rttagacha istiqomat qilayotgan oilalar ham mavjud.
“O‘zbekistonda bitta kadastrga, ya’ni bir xonadonga bitta hisobraqam beriladi. Bugungi kunda bitta kadastr ostida yashayotgan to‘rttagacha oilalar ham bor. Bunday xonadonda istiqomat qiladigan oilalar bir oyda hech qanaqasiga 200 kVt/soat elektr energiyasi ishlata olmaydi, kamida 800 kVt/soat elektr ishlatadi. Biz bu bo‘yicha ham o‘z takliflarimizni berganmiz, buning ham yechimini topishimiz kerak, hal qilinmasa bo‘lmaydi”, dedi HET boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari.
U yechim sifatida qanday taklif kiritilishi haqida aytib berdi.
“Masalan, bitta xonadonda uch yoki to‘rtta oila yashayapti. Bizning taklifimiz shundayki, o‘sha oilalarga alohida-alohida hisobraqam ochish yoki ijtimoiy soha bilan bog‘lagan holda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda yechim topib berish, ya’ni ijtimoiy himoyaga muhtojligi sababli to‘rtta oila bitta hovlida turibdi, biz ularga 200 kVt/soat emas, 800 kVt/soat elektr energiyasi ishlatgani uchun katta pul hisoblab qo‘yyapmiz. Shu kabi holatlarga adolatli yechim topish uchun taklifimizni berganmiz: bitta oilaga bitta hisobraqam ochish kerak, ya’ni xonadon kadastri bitta va uning pastida cubiste’molchi sifatida alohida hisob-kitob qilish kerak. Bu masalaga baribir yechim topiladi”, dedi G‘aybullayev.
Eslatib o‘tamiz, 1 avgust sanasidan boshlab elektr energiyasini hisoblashda yangi billing tizimiga o‘tilishi aytilgandi. Shuningdek, noyabr oyida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga kuz-qish mavsumi uchun elektr energiyasi to‘lovi to‘lab berilishi bildirilgandi.