Bellingem va Mbappening jarohati haqida ma’lumot berildi
Sport
−
12:21 519 1 daqiqa
Ispaniyaning “Real Madrid” futbolchilari Jud Bellingem va Killian Mbappe Chempionlar ligasi 1/8 finalida “Manchester Siti”ga qarshi birinchi o‘yinni o‘tkazib yuborishi mumkin. Bu haqda “The Athletic” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Bellingem hanuz son mushaklaridagi jarohatdan tiklanish jarayonida. Madrid klubi 22 yoshli ingliz futbolchisining 17 mart kuni bo‘lib o‘tadigan javob uchrashuviga qadar safga qaytishiga umid qilmoqda. Shunga qaramay, uning 22 mart kuni “Atletiko Madrid”ga qarshi La Liga bahsida maydonga tushishi ehtimoli yuqoriroq deb baholanmoqda.
27 yoshli Mbappening ham “Manchester Siti”ga qarshi ilk o‘yinda maydonga tushishini kutmayapti. Bundan tashqari, fransiyalik hujumchining javob uchrashuvida ishtiroki ham hozircha so‘roq ostida qolmoqda.
Hozircha ikkala futbolchining ham aniq qaytish sanasi belgilanmagan. Klub tibbiy shtabi jarohatlarning og‘irlashib ketishidan ehtiyot bo‘lib, ularning tiklanish jarayonini tezlashtirishga shoshilmayapti.
Ma’lumot uchun, “Real Madrid” va “Manchester Siti” o‘rtasidagi Chempionlar ligasi 1/8 finalining birinchi uchrashuvi joriy yilning 11 mart kuni “Santyago Bernabeu” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Live
Barchasi