Bekxem Gollivudning Shon-sharaf xiyobonidan yulduz oldi
Sport
−
13 iyun 3487 2 daqiqa
Afsonaviy futbolchi Devid Bekxem 2026 yilgi Jahon chempionati start olgan kunda Gollivudning Shon-sharaf xiyobonida o‘z yulduziga ega bo‘ldi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Devid Bekxem ushbu mukofotni “hayotimdagi eng g‘ayrioddiy voqealardan biri”, deb atagan. Tom Kruz esa uning faoliyatini “mehnat, qat’iyat va sport hamda madaniyatga global ta’sir haqidagi Gollivud hikoyasi”, deya ta’riflagan.
.jpg)
Marosim an’anaviy qizil yo‘lak o‘rniga yashil futbol maydoni uslubidagi yo‘lakda o‘tkazilib, 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati sharafiga tashkil etilgan.
“Men doim orzu qiluvchi inson bo‘lganman, ammo bunday sharaf oddiy ingliz futbolchisiga nasib etishini hatto tasavvur ham qilmaganman”, deydi Bekxem.
Uning aytishicha, bu voqea AQSHda 2026 yilgi Jahon chempionati ochilishi arafasida yuz bergani alohida ramziy ahamiyatga ega.
“So‘nggi o‘ttiz yil ichida men sevgan sport turining bu mamlakatda qanchalik rivojlanganini ko‘rish juda muhim lahzadir”, deydi u.
2007 yildan boshlab olti mavsum davomida “Los Anjeles Galaksi” safida o‘ynagan va hozirda “Inter Mayami” klubining hammuassisi hisoblangan Bekxem Tom Kruzga murojaat qilib, “Zamonamizning eng buyuk kino yulduzi bo‘lgan do‘stim Tom Kruz qarshisida turish haqiqatan ham hayratlanarli”, degan.
“Siz bizni 20 yil avval Los-Anjelesda kutib olgan edingiz va o‘shandan beri men uchun sadoqatli do‘st hamda ilhom manbai bo‘lib kelyapsiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Keyinroq Bekxem va Tom Kruz boshqa mashhur shaxslar bilan birga Los-Anjeles stadionida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatining ochilish marosimida ishtirok etgan. AQSH terma jamoasi Paragvayni 4:1 hisobida mag‘lub etgan o‘yindan oldin Gollivud uslubidagi shou namoyish qilingan.
Marosimda Leonardo DiKaprio, Helli Berri, Rob Lou, Ouen Uilson va Peris Xilton kabi mashhurlar ham qatnashgan. AQSH Prezidenti Donald Tramp esa marosimda ishtirok etmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq futbol bo‘yicha Jahon chempionati rasman start olgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi