Bayden Kongressdan Ukraina uchun yana 24 mlrd dollar so‘radi 

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden yashirincha Kongressdan Ukrainaga yordam berish va avvalroq Kiyevga berilgan Amerika qurollari zaxiralarini to‘ldirish uchun qo‘shimcha 24 milliard dollar ajratishni so‘radi. Bu haqda o‘zi tanishgan hujjatlarga tayanib, “Politico” xabar berdi. 

Nashrning ikki manbasi Baydenning so‘rovini tasdiqlab, uning 25 noyabr kuni yuborilganiga aniqlik kiritdi. 

“Murojaat 20 dekabrgacha ko‘rib chiqilishi kerak, chunki Oq uyning boshqaruv va byudjet bo‘limi Kongressga ushbu yordamni yopilishning oldini olish uchun hukumat moliyalashtirishni uzaytirish qaroriga kiritishni taklif qilgan”, deyiladi xabarda.

Taxminlarga ko‘ra, e’lon qilingan mablag‘ning 16 milliard dollari Amerika zaxiralarini to‘ldirishga, qolgan 8 milliard dollar esa Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha yordam berish tashabbusi (USAI) doirasida sarflanadi. Bu dastur Pentagonning armiya omborlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri jihozlar va boshqa yordamlarni yetkazib berish o‘rniga, Ukraina armiyasiga qurol yetkazib berish bo‘yicha ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalar tuzishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, Baydenning iltimosi “Kongress Kiyevga tinchlik muzokaralari ehtimolini yanada jiddiy ravishda sabotaj qilishga imkon beradigan sovg‘alar bermasligi kerak” deb hisoblaydigan ba’zi respublikachilarning noroziligiga sabab bo‘lgan.

Bir kun oldin Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken Qo‘shma Shtatlar Ukrainani “2025 yilgacha kurashishi” va tinchlik muzokaralarini kuch pozitsiyasidan boshlashi uchun barcha zarur narsalar bilan ta’minlashini aytdi.

Avvalroq u Oq uy Ukrainaga Kongress tomonidan tasdiqlangan “har bir dollar” mablag‘ni 20 yanvarga qadar, ya’ni saylangan prezident Donald Tramp lavozimiga kirishgunga qadar taqdim etish niyatida ekanini aytgan edi.

Keyinroq Pentagon aniqlik kiritishicha, avvalroq ushbu maqsadlar uchun ajratilgan 9 milliard dollardan foydalanish uchun qurol-yarog‘ jo‘natmalari har hafta o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Vashington Kiyevga 275 million dollarlik so‘nggi harbiy yordam paketini 20 noyabr kuni yuborgandi. U zenit qurollari, HIMARS ko‘p uchiruvchi raketa tizimlari, 155 mm va 105 mm artilleriya snaryadlari, tankka qarshi Javelin o‘q-dorilari va boshqa jihozlar va ehtiyot qismlarni o‘z ichiga olgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Jo Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing