Atamboyev o‘ziga qo‘yilgan ayblar bo‘yicha xalqaro sudda javob bermoqchi

Olam

image

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev o‘ziga qo‘yilgan ayblar yuzasidan xalqaro sud oldida javob berishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zinning Facebook’dagi sahifasida yozib qoldirdi.

“Prezident Sadir Japarov sobiq hukumat Qo‘y-Tosh voqeasi bo‘yicha ochiq suddan qo‘rqadi, deb aytdi. U meni korrupsiyadan tortib to qotillikkacha bo‘lgan bir qancha jinoyatlarda aybladi. Shu bois men hokimiyatga aniq taklif bilan murojaat qilaman – Bosh prokuraturaga Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudiga murojaat qilishni topshiring. Men shaxsan o‘sha sudga chiqishga va o‘zimga qo‘yilgan barcha – siyosiydan tortib jinoiygacha ayblar bo‘yicha javob berishga tayyorman”, deya yozgan u o‘z sahifasida.

Sobiq prezident hukumatdan Qo‘y-Tosh voqealarida ishtirok etgan barcha shaxslarni ozod qilishni talab qilgan, chunki u bu ishni “asossiz”deb hisoblagan.

“Mamlakat rahbariyatiga murojaat qilaman: bu darajada pastlashmang, pastkashlik qilmang – Qo‘y-Tosh ishi va boshqa soxta jinoiy ishlar bo‘yicha noqonuniy tarzda qamoqda yoki probatsiyada saqlanayotgan begunoh insonlarni ozod qiling. Bu odamlar faqat o‘z huquqlarini himoya qilganlari va adolatli Qirg‘iziston haqidagi orzulari uchun ozodligidan mahrum bo‘ldi. Ularning qamoqda qolishi – davlat va uning rahbariyati uchun isnoddir. Agar hokimiyat haqiqatdan adolatga asoslangan bo‘lsa, xalqaro tribunal oldida javob berishdan qo‘rqmasligi kerak. Agar Gaaga sudi meni aybdor deb topsa, har qanday jazoni o‘tashga tayyorman”, degan Atamboyev.

Atamboyevning hibsga olinishi

Qirg‘izistonga 2011-2017 yillarda rahbarlik qilgan Atamboyev 2019 yilning 8 avgust kuni Chuy viloyatining Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida deyarli bir kun davom etgan maxsus operatsiya davomida qo‘lga olingan edi. Unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni bir necha bor rad etgan sobiq davlat rahbarining tarafdorlari qarshilik ko‘rsatgan va maxsus bo‘linmaning bir zobiti operatsiya davomida halok bo‘lgan. To‘qnashuv vaqtida 100 dan ortiq odam, jumladan politsiyachilar tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. 

Sobiq prezident hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib, huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillik, qotillikka urinish, shuningdek, garovga olishni tashkil etish, Bishkek issiqlik elektr stansiyasini rekonstruksiya qilishdagi korrupsiya, Bishkekdagi “Forum” sanoat guruhi binosi bilan noqonuniy bitim tuzish, Qo‘y-Tosh qishlog‘i va Issiqko‘l viloyatidagi yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish ayblovlari qo‘yilgan. 

Sobiq davlat rahbari 2020 yil yozida 11 yilu 2 oyga qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Keyinchalik Atamboyevga qo‘yilgan ba’zi ayblovlar olib tashlangan, 2022 yil iyunida esa u 2020 yil oktyabr oyida Bishkekda ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlikda ayblanib, oqlangan edi. 

Sud qarori bilan 2023 yil 14 fevralda 3,5 yil tartibli koloniyada o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqdi va respublikani tark etdi. Joriy yilning 3 iyun kuni esa Bishkekning Pervomay tuman sudi Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha hukm chiqardi. Sobiq prezident Almazbek Atamboyev mol-mulki musodara qilinib, davlat mukofotlaridan mahrum qilingan holda 11 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Ishdagi boshqa ayblanuvchilarga ham turli muddatlar berildi. Ammo oradan bir qancha vaqt o‘tib, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov sobiq davlat rahbari Almazbek Atamboyevga nisbatan chiqarilgan sud qaroriga izoh berdi va uni afv etishga tayyorligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Almazbek Atamboev Qo'y-Tosh voqealari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing