Astronomlar ilk bor yashil rangli yulduzni aniqladi
Bu qiziq
−
16:44 443 2 daqiqa
Astronomlar WD J1330+6435 nomli oq mitti yulduzni yashil rangda ko‘rinadigan ilk yulduz sifatida aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot natijalari “RAS Techniques and Instruments” ilmiy jurnalida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, mazkur yulduz Yerdan 284 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan. Uning harorati taxminan 4 ming darajani tashkil etadi. Bu Quyosh haroratidan ancha past bo‘lib, odatiy yulduz bunday sharoitda qizg‘ish-to‘q sariq rangda ko‘rinishi mumkin.
Olimlar yulduzning rangini bevosita suratga olish orqali emas, balki undan kelayotgan ko‘rinadigan yorug‘likning turli diapazonlarini o‘lchash va inson ko‘zi ranglarni qanday qabul qilishini hisobga oluvchi raqamli modellar yordamida aniqlagan. Chunki oq mittilar juda kichik bo‘lgani sababli, uzoq masofadan teleskoplarda yorug‘ nuqta ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
Tadqiqotga ko‘ra, WD J1330+6435 atmosferasida natriy, kalsiy va litiy kabi elementlarning izlari mavjud. Natriy to‘q sariq rangdagi, kalsiy esa binafsha rangdagi yorug‘likning bir qismini yutadi. Natijada yulduzdan kelayotgan yorug‘lik inson ko‘ziga yashil, deyarli och yashil rangda ko‘rinishi mumkin.
Olimlarning bildirishicha, ilgari yashil rangda ko‘rinadigan boshqa yulduz haqida ishonchli ilmiy ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan. Shu sababli WD J1330+6435 ushbu xususiyati bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Oq mittilar – Quyoshga o‘xshash yulduzlar evolyutsiyasining so‘nggi bosqichida hosil bo‘ladigan, juda zich osmon jismlaridir. Tadqiqotda ularning rangi har doim ham oq bo‘lmasligi, atmosferasidagi kimyoviy elementlar va haroratiga qarab pushti, binafsha, sariq, moviy yoki yashil tusda ko‘rinishi mumkinligi qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, o‘rganilgan oq mittilarning taxminan 3,4 foizidagina oq rangdan sezilarli darajada farq qiladigan noodatiy ranglar kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nemis olimlari Saturnning Enselad yo‘ldoshidagi muz osti okeanida ayrim mikroorganizmlar yashashi mumkinligini laboratoriya tajribasida ko‘rsatgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiJizzaxda 10 yoshli qiz zo‘rlandi
06 Oktyabr