Aroqchi MAGATE rahbarini beparvolikda aybladi
Olam
−
28 iyun 2510 1 daqiqa
Eron parlamenti mamlakatning yadro faoliyati xavfsizligini kafolatlovchi choralar ko‘rilmaguncha, Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorligini to‘xtatish qarorini qabul qildi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi IRNA axborot agentligiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Aroqchi MAGATE bosh direktori Rafael Grossini biryoqlamalikda va agentlik tomonidan Eronning o‘n yillik yadro faoliyatiga oid savollar yopilganini yashirgani uchun tanqid qilgan. Uning ta’kidlashicha, Grossining harakatlari MAGATE Boshqaruv kengashida Eronga qarshi siyosiy sabablarga asoslangan rezolyutsiya qabul qilinishiga sabab bo‘lgan.
Vazir shuningdek, MAGATE rahbariyatini Isroil va AQSHning Eron yadro ob’ektlariga uyushtirgan hujumlarini qoralamagani uchun tanqid qilgan. U Grossining zarar yetgan ob’ektlarni bahona bilan ko‘zdan kechirish niyatini “ma’nosiz” va “yovuz niyatli” deb atagan.
Aroqchining so‘zlariga ko‘ra, vujudga kelgan vaziyat uchun butun javobgarlik MAGATE va uning rahbariga yuklanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron parlamenti mamlakatning MAGATE bilan hamkorligini to‘xtatishga doir qonun loyihasini ma’qullagandi. Qonun loyihasiga ko‘ra, MAGATE xodimlari bundan buyon Eron yadroviy inshootlaridagi xavfsizlikni tekshirish va ushbu sohadagi tinch maqsadli faoliyatni nazorat qilish uchun faqat mamlakatning Milliy xavfsizlik bo‘yicha oliy kengashi roziligi bilan Eron hududiga kirish huquqiga ega bo‘ladi.
Live
Barchasi