Arman maxsus xizmatlariga shpionlik qilganlar davlatga xiyonatda ayblanib, hibsga olindi
Olam
−
17 may 2023
6079Ozarbayjon Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) Armaniston maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilgan ikki fuqaroning hibsga olingani haqida xabar berdi.
“Ko‘rilgan choralar natijasida davlatga xiyonat qilishda va Ozarbayjonga qarshi terroristik qo‘poruvchilik harakatlarini rejalashtirganlikda gumon qilingan Rashad Ahmadov qo‘lga olindi va jinoiy javobgarlikka tortildi”, deyiladi Davlat xavfsizlik xizmati xabarida.
DXX ma’lumotlariga ko‘ra, Ahmadov uchinchi davlatda yashagan va Armaniston maxsus xizmatlari topshiriqlarini bajargan.
Armaniston maxsus xizmatlari topshiriqlarini bajarish uchun Ahmadov Ozarbayjon hududiy yaxlitligiga tajovuz qiluvchi videomateriallar tayyorlagan Ravshan Amirov va boshqa bir qator shaxslarni jalb qilgan va ularni YouTube videoxostingi va ijtimoiy tarmoqlariga joylagan.
Tergov tadbirlari davomida Ahmadov Armaniston maxsus xizmatlari ko‘rsatmasi bilan Ozarbayjonga qarshi boshqa qo‘poruvchilik faoliyatini ham amalga oshirganligi aniqlangan.
Davlat xavfsizlik xizmati Ahmadov va Amirovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanganini ma’lum qildi.
Ahmadov davlatga xiyonat qilish, terrorchilik aktini tayyorlash, chet el tuzilmalari ko‘rsatmasi bo‘yicha davlat hokimiyatiga qarshi jinoyat, Amirov esa davlatga xiyonat va xorijiy tuzilmalar ko‘rsatmasi bilan davlat hokimiyatiga qarshi jinoyat sodir etishda ayblanmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati xorijiy maxsus xizmatlarning razvedka va qo‘poruvchilik faoliyatining oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar to‘xtamayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 may kuni Ozarbayjon Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturasi Eron maxsus xizmatlari tomonidan yollangan va mamlakatda diniy davlat yaratishni rejalashtirgan bir guruh respublika fuqarolari fosh etilgani haqida xabar bergan edi.
LiveBarchasi