Aliyev O‘zbekistonga Armaniston bo‘yicha bayonot qabul qilishdagi yordami uchun minnatdorlik bildirdi
Olam
−
19 avgust 2020
7898O‘zbekiston Islom Hamkorlik Tashkiloti va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida Ozarbayjonga Armanistonning qurolli tajovuzi bo‘yicha tegishli bayonotlarni qabul qilishda yordam bergan. Bu haqda Ozarbayjon mahalliy matbuoti xabar bermoqda.
Kecha, 18 avgust kuni Ozarbayjon Prezidenti O‘zbekistonning favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonovni qabul qilgan. Prezident elchiga O‘zbekistonga a’zo davlat sifatida joriy yilning 12 iyul kuni Ozarbayjon-Armaniston chegarasining Tovuz viloyati yo‘nalishi bo‘yicha Ozarbayjonga navbatdagi Armaniston tajovuzi munosabati bilan Islom hamkorlik tashkiloti va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida tegishli bayonotlarni qabul qilishda yordam bergani uchun minnatdorchilik bildirgan.
Mahalliy xabarlarda ta’kidlanishicha, elchi Bahrom Ashrafxonov O‘zbekiston Armaniston-Ozarbayjon mojarosining Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi doirasida hal qilinishini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidlagan.
Prezident Ilhom Aliyev Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirgan.
Aliyev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabriklari uchun minnatdorlik bildirib, elchidan Prezidentga salom va ezgu tilaklarini yetkazishini so‘radi.
Ma’lumot uchun, ikki davlat chegarasidagi vaziyat 12 iyul kuni keskinlashdi. Ozarbayjonda Armaniston Qurolli kuchlari hujumga o‘tgani aytildi. Rasmiy Yerevan ham ozarbayjonlik askarlar hujumga o‘tganini sabab qilib ko‘rsatdi. Hozirgacha rasmiy Baku 12 nafar harbiy jumladan general-mayor Po‘lat Gashimov ham halok bo‘lganini bildirdi. Yerevan esa 4 qurbon va 10 jarohatlangan askar haqida ma’lumot berdi.