Alisher Qodirov ayollarga yengilroq jazo berish tartibini o‘zgartirishni taklif qildi
Olam
−
23 iyul 2025 6719 2 daqiqa
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov O‘zbekiston Jinoyat kodeksidagi ayollarga yengilroq jazo tayinlashni nazarda tutuvchi moddani o‘zgartirishni taklif qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Deputat o‘z taklifini o‘tgan yili dekabr oyida Toshkent shahrida joylashgan “Jajji nihollar” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan mudhish voqea misolida tushuntiradi. O‘shanda 28 yoshli tarbiyachi va 68 yoshli uslubchisi 2 yashar bolani 3 kun davomida qiynab, uning o‘limiga sababchi bo‘lgandi. Sud hukmi bilan tarbiyachi 6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi, uslubchiga esa 3 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
“2 yoshli bog‘cha bolasining o‘limiga sabab bo‘lgan tarbiyachi ayolga 6 yil qamoq!
Jinoyat kodeksining 50-moddasiga muvofiq, jinoyatchi faqat ayol bo‘lgani uchun jazo muddatining 3 dan 2 qismi belgilanadi.E’tibor bering, har qanday ayol, har qanday jinoyat uchun, hatto qasddan odam o‘ldirgan, buni takroran qilgan xavfli retsidivist bo‘lsa ham, shu moddaga muvofiq, jazo muddatining 3 dan 2 qismi beriladi”, deydi deputat.
Qonunchilikdagi ushbu holatni “jinoyatni rag‘batlantirishdek insoniylik”, deya tariflagan Alisher Qodirov shu sabab ayollar orasida jinoyatchilik oshib borayotgan bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.
“Qonunni mutaxassislar bilan muhokama qilmoqchimiz”, deydi Qodirov.
Shu bilan birga, u tarbiya-ta’lim muassasalaridagi faoliyat og‘ir ekanidan kelib chiqib, pensiya yoshini 50 yoshgacha qisqartirish, pensionerlarni bolalar bilan bevosita ishlashini cheklash haqida o‘ylash kerakligini ta’kidlagan.
“Bu bolalar xavfsizligi uchun zarurat, shu bilan birga, sohada qon almashinuvini tezlatish, tarbiya va ta’limga zamonaviy qarashlarni tezroq kirishi uchun ham kerak”, deydi deputat.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Alisher Qodirov Toshkentda pivo festivalini o‘tkazgan va unga ruxsat bergan shaxslar jazolanishi kerakligini aytgandi.
Live
Barchasi