AQSHga yuborishini aytib 75 ming dollar olgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
25 mart 2296 1 daqiqa
Toshkent shahrida AQSHga ishga yuborishini aytib fuqarodan 75 ming dollar olgan shaxs qo‘lga tushdi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Sergeli tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Sh.A. go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro M.O.ga AQSHga borishi uchun “biznes” viza rasmiylashtirib berishi evaziga 75 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, departamentning Xatirchi tuman bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “T.L.” MCHJ rahbari F.Sh. fuqaro J.B.ning ishonchiga kirib, uni Bolgariyaga yuborishi va ishga joylashtirib qo‘yishi evaziga firibgarlik yo‘li bilan 3 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan shahrida xorijiy davlatlarga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlangan edi.