AQSHdan tahdidli qadam: Trampning odamlari Kubaga bordi

Olam

image

Kecha, 14 may kuni AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jon Retkliff energetika inqirozi kuchayib borayotgan bir paytda Kubaga tashrif buyurdi. U Gavanada Kuba Ichki ishlar vaziri Lazaro Alvares Kasas va mamlakat razvedka xizmati rahbari Raul Rodriges Kastro bilan uchrashdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Uchrashuv AQSH Kubaga 100 million dollarlik gumanitar yordam taklifini yana bir bor tasdiqlaganidan keyin bo‘lib o‘tdi. Vashington ushbu yordam orqali Kubadagi yoqilg‘i tanqisligi va energetika muammolarini kamaytirmoqchi.
Kuba tomoni uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi muloqotni yaxshilashga xizmat qilganini bildirib, Gavana AQSH xavfsizligiga tahdid solmasligini ta’kidladi.

Markaziy razvedka boshqarmasi vakiliga ko‘ra, AQSH Kuba bilan iqtisodiy va xavfsizlik masalalarida hamkorlik qilishga tayyor. Biroq buning uchun Kuba jiddiy o‘zgarishlar qilishi kerak.

Ayni paytda AQSHning neft cheklovlari sabab Kuba keskin yoqilg‘i tanqisligiga duch kelmoqda. Shu sabab ayrim kasalxonalar odatdagidek ishlamayapti, maktablar va davlat idoralari esa vaqtincha yopilgan.

Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel esa AQSH cheklovni bekor qilsa, mamlakatdagi muammolar tezroq hal bo‘lishini aytdi.

AQSH tomoni uchrashuv davomida razvedka sohasidagi hamkorlik, iqtisodiy barqarorlik va mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama qilinganini ma’lum qildi. Kuba bayonotida esa ikki tomon ham hamkorlikni kuchaytirishni istashi aytildi.

Kuba avval neft ta’minoti bo‘yicha asosan Venesuela va Meksikaga tayanib kelgan. Biroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Kubaga yoqilg‘i yetkazib beruvchi davlatlarga tariflar bilan tahdid qilganidan keyin yoqilg‘i yetkazib berish deyarli to‘xtagan.

Shuningdek, Kuba Tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges AQSHning yordam taklifini muhokama qilishga tayyor ekanini bildirdi. AQSH Davlat departamenti esa gumanitar yordam Kuba hukumati orqali emas, balki katolik cherkovi hamda mustaqil gumanitar tashkilotlar orqali yetkazilishi kerakligini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Florida shtatidagi tadbirda AQSH Qurolli kuchlari Eron bilan bog‘liq vazifalardan qaytgach, Kuba ustidan nazorat o‘rnatishini aytgan edi.

Shu bilan birga, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham AQSH endi Kuba masalasiga alohida e’tibor qaratishini ma’lum qilgandi.

 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Tramp tahdid Kuba

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing