Kubani ham bosib olamiz – Tramp
Olam
−
08:42 2487 1 daqiqa
AQSH Qurolli kuchlari Eron bilan bog‘liq vazifalardan qaytgach, Kuba ustidan nazorat o‘rnatiladi. Bu haqda kecha, 1 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Florida shtatidagi tadbirda aytib o‘tdi.
Uning iddao qilishicha, Kuba ichida muammolar mavjud va ularni hal qilish uchun AQSH “kubaliklarga qo‘lidan kelgancha yordam beradi”.
“Eron yo‘lidan qaytishda bizning katta kemalarimizdan biri ehtimol dunyodagi eng katta aviatashuvchi USS Abraham Lincoln qirg‘oqdan taxminan 100 yard (taxminan 90 metr) uzoqlikda to‘xtaydi. Kuba hukumati esa: “Katta rahmat, biz taslim bo‘ldik”, deyishadi”, degan AQSH yetakchisi.
Tramp bu so‘zlarni aytayotganida u hazil ohangida gapirayotgandek taassurot uyg‘ongan, auditoriya ham kulgan.
AQSH Prezidenti so‘nggi oylarda muntazam ravishda Kuba hukumati ustidan turli choralar ko‘rishi mumkinligini aytib kelmoqda.
Trampning bu bayonotlari AQSH Kubaga qarshi sanksiyalarni kengaytirgan farmonni imzolaganidan keyin yangradi.
Oq uy e’lon qilgan farmonda Vashington “Kubani AQSH milliy xavfsizligi va tashqi siyosati uchun jiddiy tahdid” deb hisoblashda davom etishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat departamenti delegatsiyasi Kuba rasmiylari bilan muzokaralar o‘tkazish uchun 10 yil ichida ilk bor Gavanaga tashrif buyurgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi