AQSH 10 yil ichida ilk bor Kuba bilan maxfiy muzokara o‘tkazdi

Olam

image

Kecha, 17 aprel kuni AQSH Davlat departamenti delegatsiyasi Kuba rasmiylari bilan muzokaralar o‘tkazish uchun 10 yil ichida ilk bor Gavanaga tashrif buyurdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Axios” xabar berdi.

Diplomatik idora yuqori lavozimli mulozimining so‘zlariga ko‘ra, bir nechta uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan, jumladan, respublikada siyosiy ta’sirini saqlab qolayotgan sobiq prezident Raul Kastroning nabirasi Raul Gilermo Rodriges Kastro bilan ham muzokaralar o‘tkazilgan.

Amerikaliklar “Kuba iqtisodiyoti erkin qulashi jarayonida” ekanini bayon qilib, orol rahbariyatini vaziyat “orqaga qaytarib bo‘lmaydigan darajada yomonlashishidan oldin” AQSH ko‘magida demokratik va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish uchun cheklangan “imkoniyatlar darchasi”dan foydalanishga chaqirgan.

Davlat departamenti vakillari, shuningdek, siyosiy mahbuslarni ozod qilishni hamda 1959 yilgi inqilobdan keyin aktivlari va mol-mulklari musodara qilingan AQSH fuqarolari va korporatsiyalariga tovon puli to‘lashni talab qilgan. Shu bilan birga, mulozimlar “xorijiy razvedka, harbiy va terrorchi guruhlar AQSH hududidan yuz mildan kamroq masofada Kuba hukumatining ruxsati bilan faoliyat yuritayotganidan xavotir” bildirgan.

Ushbu talablar bajarilishi evaziga amerikaliklar savdo embargosini bekor qilishni muhokama qilish va Ilon Maskning SpaceX kompaniyasiga tegishli Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqasidan foydalanish imkoniyatini berishni taklif qilgan.

Ma’lumot uchun, bu AQSH va Kuba o‘rtasidagi so‘nggi 10 yil ichidagi ilk muzokaralar – oxirgi marta mamlakatlar 2016 yilda o‘sha paytdagi prezident Barak Obamaning orolga tashrifi chog‘ida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yilning boshida amerikaliklar amalda Kubaning yonilg‘i blokadasini o‘rnatdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp orol tomonidan “milliy xavfsizlikka tahdid” borligini vaj qilib, favqulodda holat rejimini e’lon qildi va Gavanaga bevosita yoki bilvosita neft yetkazib beruvchi mamlakatlardan tovarlar importiga qo‘shimcha bojlar joriy etishga ruxsat berdi. Bu respublikada og‘ir yonilg‘i inqirozini keltirib chiqardi.

17 aprel kuni “The Wall Street Journal” nashri Raul Kastroning nabirasi diplomatik kanallarni, jumladan, Davlat kotibi Marko Rubioni chetlab o‘tib, Trampga maxfiy maktub yetkazishga uringani haqida xabar berdi. Shuningdek, avvalroq AQSH respublikadagi islohotlarga qarshi chiqayotgan Prezident Migel Dias-Kanelning iste’fosini talab qilgan edi.

“The Atlantic” nashrining Oq uydagi manbalari avvalroq Kuba Trampning “Eron va Venesueladan keyingi navbatdagi nishoni” bo‘lishi mumkinligini aytgan edi. Yanvar oyida Amerika Prezidenti, agar Gavana Vashington bilan kelishuvdan bosh tortsa, orolni “do‘stona egallab olish” (friendly takeover) imkoniyatini istisno qilmagandi. Shu bilan birga, “Bloomberg” va “The Wall Street Journal” manbalariga ko‘ra, Vashingtonda rejimni bosqichma-bosqich o‘zgartirish rejasi ishlab chiqilgan. Hujjatga ko‘ra, Tramp Kubani 1991 yilgacha qo‘llab-quvvatlagan Sovet Ittifoqining o‘rnini egallab, orolni AQSHga moliyaviy qaram qilib qo‘ymoqchi.


Maqola muallifi

Teglar

Kuba AQSh Davlat departamenti maxfiy muzokara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing