AQSHdagi namoyishlarda o‘zbekistonliklar ham qatnashdimi?
Jamiyat
−
09 iyun 7959 1 daqiqa
Avvalroq, AQSHning Los-Anjeles shahrida immigratsiya siyosatiga qarshi namoyishlar bo‘layotgani xabar qilingandi. Mazkur namoyishlar yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov munosabat bildirdi.
Uning ma’lum qilishicha, hozirda ushbu namoyishlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ishtirok etgani to‘g‘risida hech qanday rasmiy tasdiqlangan ma’lumot kelib tushmagan.
“Shu bilan birga, AQSHdagi barcha yurtdoshlarimizni ushbu mamlakatning amaldagi qonun-qoidalariga qat’iy amal qilishga, tinchlik va xavfsizlikni buzishi mumkin bo‘lgan har qanday ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslikka chaqiramiz”, deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.
Bildirilishicha, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari xorijdagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda davom etadi. Zarur hollarda fuqarolar AQSHdagi elchixona va Bosh konsulxonaga murojaat qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Los-Anjeles shahrida mahalliy aholi federal agentlarning immigratsiya qonunlarini qo‘llash operatsiyasiga qarshi chiqib, norozilik namoyishlarini boshlagani xabar qilingandi. Buning ortidan esa shaharga 2000 nafar Milliy gvardiya xodimlarini kiritish buyurilgan. Namoyishchilar ba’zi ko‘chalarni to‘sib qo‘ygan, shuningdek, politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz bergan. Huquq-tartibot organlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalardan foydalangan, aholi bunga mushaklar bilan javob qaytargan. 6 iyun kungi to‘qnashuvlarda kamida bir kishi jarohat olgan.
Live
Barchasi