Los-Anjelesda to‘polon: aholi immigratsiya siyosatiga qarshi bosh ko‘tardi (video)
Olam
−
09 iyun 2025 6055 2 daqiqa
Joriy yilning 6 iyun kuni AQSHning Los-Anjeles shahrida mahalliy aholi federal agentlarning immigratsiya qonunlarini qo‘llash operatsiyasiga qarshi chiqib, norozilik namoyishlarini boshladi. Buning ortidan esa shaharga 2000 nafar Milliy gvardiya xodimlarini kiritish buyurildi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Qayd etilishicha, namoyishchilar ba’zi ko‘chalarni to‘sib qo‘ygan, shuningdek, politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz bergan. Huquq-tartibot organlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalardan foydalangan, aholi bunga mushaklar bilan javob qaytargan. 6 iyun kungi to‘qnashuvlarda kamida bir kishi jarohat olgan.
AQSH Ichki xavfsizlik departamentining ma’lum qilishicha, Los-Anjelesdagi federal huquqni muhofaza qilish idorasi binosiga hujum bo‘lgan. Kaliforniya prokuraturasi o‘nlab namoyishchilar hibsga olinganini e’lon qilib, bu jarayon davom etishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Mamlakat Prezidenti Donald Tramp esa Los-Anjelesda immigratsiya siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari avj olayotgani ortidan shaharni “migrantlardan ozod qilishini” e’lon qildi. U bu bayonotni kecha, 8 iyun kuni Truth Social'dagi sahifasida yozdi, shundan so‘ng u shaharga Milliy gvardiya kuchlarini yubordi.
“Bir paytlar buyuk bo‘lgan Amerika shahri – Los-Anjeles noqonuniy migrantlar va jinoyatchilar tomonidan bosib olingan. Endi esa isyonkor va tajovuzkor olomon bizning federal agentlarimizga hujum qilmoqda, deportatsiya operatsiyalariga xalaqit berishga urinmoqda. Men Los-Anjelesni migrantlar bosqinidan ozod qilish va bu migrantlar isyonini tugatish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishni buyurdim”, deb yozdi Tramp.
Xususan, u Los-Anjelesga 2000 nafar Milliy gvardiya xodimini yuborish haqida qaror chiqardi. Ular vaqtincha immigratsiya va bojxona xizmatlari agentlari, davlat xizmatchilari hamda federal mulkni himoya qiladi.
Mahalliy hukumat, ayniqsa, Kaliforniya gubernatori, demokrat Gevin Nyusom Trampning bu qaroriga keskin qarshi chiqqan va uni “atayin namoyishni qo‘zg‘atishga urinish” deb atagan. Shunga qaramay, kecha, 8 iyun kuni Milliy gvardiya askarlari shtatga kelishni boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Oliy sudi Donald Trampga 500 mingdan ortiq muhojirni huquqiy maqomidan mahrum qilish huquqini bergani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, Kuba, Gaiti, Nikaragua va Venesueladan kelib, Jo Bayden davrida maxsus gumanitar dasturlar asosida AQSHda vaqtincha yashash huquqiga ega bo‘lgan migrantlar endi bu maqomdan mahrum qilinishi mumkin.
Live
Barchasi