AQSHda samolyot halokatga uchradi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

AQSHning Kentukki shtatida UPS kompaniyasiga tegishli MD-11 yuk samolyoti qulab tushdi va oqibatda 7 kishi vafot etdi. Bu haqda Kentukki gubernatori Endi Beshir o‘zining X sahifasida ma’lum qildi.

“Halok bo‘lganlar soni kamida 7 kishiga yetdi va bu raqam yana oshishi mumkin. Hodisa joyida yong‘in o‘chiruvchilar va qutqaruv xizmatlari ishlamoqda, ular yong‘inni to‘liq o‘chirish va tergovni davom ettirishga harakat qilmoqda”, deya yozgan gubernator.

Yuk samolyoti Muhammad Ali nomidagi aeroport yaqinida, Luisvill shahri hududida qulagan. “FlightRadar24” ma’lumotiga ko‘ra, samolyot havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay, Luisvilldan Gonoluluga parvoz vaqtida avariya sodir bo‘lgan. Bortda uch nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.

Halokatdan keyin yong‘in katta maydonni qamrab olgan. Mahalliy hokimiyat Greyad-Leyn yo‘lini yopgan va 8 kilometr radiusdagi aholini evakuatsiya qilgan. OAV vertolyotdan olingan WLKY tasvirlariga tayangan holda, kuchli yong‘inga samolyot to‘liq yoqilg‘i bilan parvozga chiqqani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Rasmiy sabab hali aniqlanmagan.

Samolyot Gonolulu shahridagi Deniyel Inoue xalqaro aeroportiga yo‘lga chiqqan edi. Dastlab kamida uch kishi halok bo‘lgani va 11 kishi jarohat olgani aytilgan.

Ma’lumot uchun, McDonnell Douglas MD-11 – yuk tashish uchun mo‘ljallangan samolyot bo‘lib, dastlab McDonnell Douglas tomonidan ishlab chiqarilgan, keyinchalik Boeing’ga o‘tgan. Bu model FedEx Express, Lufthansa Cargo va UPS Airlines kabi yirik kompaniyalar tomonidan yuk tashishda keng qo‘llanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Keniyada parvozdan bir necha daqiqa o‘tib, bortida xorijlik sayyohlar bo‘lgan kichik samolyot halokatga uchragandi va oqibatda 11 kishi halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Kentukki MD-11 McDonnell Douglas MD-11 FlightRadar24

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing