AQSHda Federal zaxira tizimi raisiga qarshi tergov boshlandi

Olam

image

AQSHning Kolumbiya okrugi prokuraturasi Federal zaxira tizimi (FZT) raisi Jerom Pauellga nisbatan Vashingtondagi regulyator shtab-kvartirasini rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq holatlar va loyihaning ko‘lami haqida yolg‘on ma’lumot berganligi ehtimoli bo‘yicha jinoiy tergov boshladi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Pauellning ochiq bayonotlarini tahlil qilish va xarajatlar bo‘yicha hisobotlarni o‘rganishni o‘z ichiga olgan tergov Kolumbiya okrugi prokurori Janin Pirro tomonidan 2025 yilning noyabr oyida ma’qullangan. Pirro AQSH Prezidenti Donald Trampning “ko‘p yillik ittifoqchisi” hisoblanadi va ushbu tergov Pauellga qarshi “yangi yirik huquqiy front” sifatida baholanmoqda.

Pauellning o‘zi FZT rasmiy saytida e’lon qilingan murojaatida joriy yilning 9 yanvar kuni AQSH Adliya vazirligi regulyatorga katta hay’at (grand jury) nomidan sud qog‘ozlari yuborganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu chaqiruvlar o‘tgan yil iyun oyida Senatning bank qo‘mitasidagi tinglovlarda bergan ko‘rsatmalariga, jumladan, FZT binolarini rekonstruksiya qilish masalasiga oid bo‘lib, jinoiy ayblov qo‘yilishi bilan tahdid qilmoqda.

“Men demokratiyamizda qonun ustuvorligi va hisobdorlik tamoyillarini chuqur hurmat qilaman. Hech kim, ayniqsa Federal zaxira tizimi raisi ham qonundan ustun bo‘la olmaydi. Ammo bu misli ko‘rilmagan harakatlarni ma’muriyat tomonidan bo‘layotgan tahdidlar va doimiy bosimlar kontekstida ko‘rib chiqish lozim”, deydi Pauell.

Uning fikricha, Adliya vazirligining bu harakatlari na FZT binolarini rekonstruksiya qilish, na Kongressdagi ko‘rsatmalar bilan bevosita bog‘liq, balki regulyatorning pul-kredit siyosatini “Prezidentning xohish-istaklariga emas, balki jamiyat manfaatlariga xizmat qiladi, degan bahoga asoslanib” olib borayotgani bilan izohlanadi.

“Gap shundaki, FZT foiz stavkalarini faktlar va iqtisodiy sharoitlarga tayangan holda belgilashni davom ettira oladimi yoki pul-kredit siyosati siyosiy bosim va qo‘rqitishlar bilan belgilanadimi?” deya savol qo‘ygan Pauell.

U FZTdagi faoliyatini davom ettirishini va “Amerika xalqiga halol va g‘urur bilan xizmat qilishda davom etishini” va’da bergan.

Jerom Pauell 2012 yildan buyon Federal zaxira tizimi boshqaruvchilar kengashi a’zosi hisoblanadi. Kengash a’zolari 14 yil muddatga tayinlanadi. Uning rais sifatidagi vakolat muddati 2026 yil may oyida yakunlanadi.

Donald Tramp Pauellni bir necha bor asosiy foiz stavkasini pasaytirishdan bosh tortgani uchun tanqid qilgan. 2024 yil dekabridan 2025 yil sentyabrigacha stavka 4,5 foiz darajasida saqlanib turgan. Sentyabrda FZT uni 4,25 foizgacha, oktabrda 4 foizgacha, dekabrda esa 3,75 foizgacha tushirgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yil noyabridan beri eng past daraja bo‘lgan.

Bu qarorlar Trampning FZT va Pauelldan noroziligini bildirgan bayonotlari fonida qabul qilingan. 2025 yil yozida ular kamera oldida FZT binolarini ta’mirlash xarajatlari yuzasidan bahslashib qolgan. Rekonstruksiya ishlari byudjetga 3,1 milliard dollarga tushgan. AQSH Prezidenti Pauellga nisbatan sudga da’vo arizasi kiritish niyati borligini bildirgan.

“50 million dollarga tushishi kerak bo‘lgan ish uchun 3 milliard dollar. Bu yaxshi emas!” degan u.

Shuningdek, Tramp Pauellni lavozimidan ozod qilish niyatida ekani haqida ham xabarlar tarqalgan. Avvaliga Prezident bunday rejalarni rad etgan, biroq keyinchalik FZT rahbarining vorisi bo‘yicha qaror qabul qilishini aytgan. Dekabr oyida Tramp ushbu lavozimga ehtimoliy nomzodlar sifatida Oq uy huzuridagi Milliy iqtisodiy kengash rahbari Kevin Hasset va FZT boshqaruvchilar kengashining sobiq a’zosi Kevin Uorshni tilga olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jerom Pauellga nisbatan jinoiy tergov boshlanishi fonida oltin narxi o‘sgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Jerom Pauell Federal zaxira tizimi Kolumbiya okrugi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing