AQSH va Rossiya tunnel orqali bog‘lanishi mumkin
Olam
−
18 Oktabr 11360 2 daqiqa
Rossiya va AQSHni Chukotka va Alyaskani Bering bo‘g‘ozi orqali bog‘laydigan tunnel qurish loyihasini muhokama qilish boshlandi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
“Rossiya va AQSH o‘rtasidagi tunnel bo‘yicha muhokamalar boshlanmoqda”, deb yozdi u.
Dmitriyevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha ikki davlat o‘rtasidagi “birlik ramzi” bo‘lishi mumkin. AQSH Prezidenti Donald Tramp esa bu g‘oyani qiziqarli deb atab, “bu haqda o‘ylab ko‘rmoqchi” ekanini aytgan.
“Men yaqinda Rossiyadan Alyaskagacha tunnel g‘oyasi haqida eshitdim. Bungacha bunday narsa haqida bilmaganman. Biz yaqinda Alyaskada ajoyib yo‘l qurdik. U bizga ko‘plab foydali qazilmalar manbalariga borish imkonini beradi”, deydi Tramp.
Kecha, 17 oktyabr kuni Dmitriyev Ilon Maskni Bering bo‘g‘ozi ostidan “Putin–Tramp” deb nomlanishi rejalashtirilgan tunnel qurilishida ishtirok etishga taklif qilgan. Shuningdek, u Boring Company asoschisiga X orqali murojaat qilib, Rossiya va AQSH kuchlarini birlashtirishga chaqirgan.
“Qo‘shma Shtatlar va Rossiyani, Amerikani va Afroyevrosiyoni bog‘lovchi tunnelni tasavvur qiling – Putin-Tramp tunneli, 70 mil uzunlikdagi halqa, birlik ramzi. Keling, kelajakni birgalikda qura olamiz! Insoniyat tarixida birinchi marta qit’alarni bog‘lash vaqti keldi”, deb yozgan u.
Dmitriyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, loyiha qiymati taxminan 65 milliard dollarni tashkil etadi, biroq Boring Company texnologiyalaridan foydalanilsa, xarajatlar deyarli sakkiz baravar arzonlashib, 8 milliard dollardan ham kam bo‘lishi mumkin. U, shuningdek, tunnelni sakkiz yil ichida qurib bitirish mumkinligiga ishonch bildirgan.

Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari jamg‘arma loyihani moliyalashtirishda ishtirok etishga tayyorligini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, “Rossiya va AQSHni Bering bo‘g‘ozi orqali bog‘lash orzusi” qadimdan mavjud bo‘lib, jamg‘arma AQSH-Kanada-Rossiya-Xitoy temiryo‘l yo‘nalishi kabi turli variantlarni o‘rganib chiqqan va eng istiqbolli variantni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Ma’lumot uchun, Kirill Dmitriyev 2025 yil fevral oyida Vladimir Putinning xorijiy davlatlar bilan investitsion-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlangan. Avgust oyida u Putinning Alyaskaga qilgan tashrifi chog‘ida Rossiya delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan.
Live
BarchasiRossiyada o‘z chaqalog‘ini tashlab, qochib ketgan ayol bolasi bilan O‘zbekistonga qaytarildi
26 dekabr
Shavkat Mirziyoyev o‘zining oldingi va rahbarlarning hozirgi maoshida katta farq borligini aytdi
26 dekabr