AQSH sudi Trampga 10 foizlik global bojni undirishga ruxsat berdi

Olam

image

AQSHda mamlakat Prezidenti Donald Trampning savdo siyosati atrofidagi bahslarning yangi bosqichi avj olmoqda. Kecha, 12 may kuni Vashingtondagi Apellyatsiya sudi Prezident ma’muriyatiga, avvalroq quyi sud tomonidan noqonuniy deb topilgan 10 foizlik import bojlarini undirishni davom ettirishga vaqtincha ruxsat berdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Gap Tramp tomonidan shu yilning fevral oyida joriy etilgan tariflar haqida ketmoqda. Bungacha Nyu-Yorkdagi Xalqaro savdo masalalari bo‘yicha Federal sud ma’muriyatda ushbu bojlarni joriy etish uchun yetarli qonuniy asoslar yo‘q degan qaror chiqargan edi.

Shundan so‘ng Oq uy apellyatsiya berdi. Apellyatsiya sudi ma’muriyatning iltimosini qanoatlantirdi va ish ko‘rib chiqilgunga qadar bojlarga qo‘yilgan taqiqni vaqtincha to‘xtatib turdi.

Endilikda tariflar kamida sudning keyingi qarorigacha amalda bo‘ladi. Shu bilan birga, da’vogarlarda o‘z e’tirozlarini bildirish uchun yetti kun vaqt bor.

Ma’muriyatga qarshi da’voni ikkita kompaniya va Vashington shtati hukumati kiritgan. Ular Tramp 1974 yildagi “Savdo to‘g‘risida”gi qonundan foydalanib, o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilgan deb hisoblamoqda.

AQSH Prezidenti bojlarni joriy etishda aynan shu hujjatga tayangan edi. Qonun davlat rahbariga “to‘lov balansining sezilarli va jiddiy taqchilligi” yuzaga kelgan taqdirda, 150 kun muddatgacha 15 foizgacha bo‘lgan tariflarni vaqtincha belgilash imkonini beradi.

Biroq da’vogarlar savdo taqchilligini avtomatik ravishda to‘lov balansi inqirozi deb hisoblab bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Bu pozitsiyani avvalroq Xalqaro savdo masalalari bo‘yicha Federal sud ham qo‘llab-quvvatlagan.

Endilikda bojlarning qonuniyligi masalasi apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqiladi. Jarayon davom etar ekan, Tramp ma’muriyati bahsli tariflarni undirish huquqini saqlab qoladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan yengil va yuk avtomobillariga boj stavkasini 25 foizgacha oshirishga qaror qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

sud Donal'd Tramp boj

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing