AQSH NATOdan chiqmoqchimi? So‘z Davlat kotibiga
Olam
−
04 aprel
5009AQSH Davlat kotibi Marko Rubio NATO a’zolari orasida AQSHning alyansdan chiqishi mumkinligi haqidagi qo‘rquvni yo‘qotishga harakat qildi. Bu haqda u kecha, 3 aprel kuni Bryusselda NATO Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi boshlanishidan oldin so‘z ochdi.
“AQSH Prezidenti Donald Tramp NATOni qo‘llab-quvvatlashini ochiq aytdi. Biz NATO tarkibida qolamiz”, dedi Rubio.
Shu bilan birga, AQSH Davlat kotibi alyans mamlakatlari harbiy xarajatlarni sezilarli darajada oshirishi va yalpi ichki mahsulotining (YAIM) kamida besh foizini mudofaa sohasiga ajratishi zarurligini ta’kidladi.
“Biz ushbu yig‘ilishni to‘g‘ri va real yo‘nalishda ketayotganimizga ishonch bilan tark etmoqchimiz, har bir davlat mudofaa xarajatlarini besh foizga yetkazish majburiyatini oladi va va’da qiladi”, dedi Rubio.
Uning aniqlik kiritishicha, bu talab AQSHga ham tegishli, u ham o‘z ulushini oshirishi kerak.
“Hech kim bu bir-ikki yil ichida sodir bo‘lishini kutmaydi. Lekin yo‘l real bo‘lishi kerak. AQSH NATOdagi rolini zaiflashtirish niyatida emas. AQSH hozir NATOda har qachongidan ham faolroq”, deya qo‘shimcha qildi AQSH Davlat departamenti rahbari.
U xalqaro va ba’zi Amerika ommaviy axborot vositalarida AQSHning ittifoqdagi roli zaiflashishi mumkinligi haqidagi xabarlarni “isteriya va mubolag‘a” deb atadi.
“Ammo biz NATO kuchayishini istaymiz. Bunga erishishning yagona yo‘li – sheriklarimizning imkoniyatlarini oshirish”, deb tushuntirdi Rubio.
So‘nggi oylarda Donald Tramp bir necha bor Qo‘shma Shtatlarning NATO doirasidagi jamoaviy mudofaa majburiyatlarini shubha ostiga qo‘ygan va ittifoqchilardan harbiy byudjetlarini YAIMning besh foizigacha oshirishni talab qilgan. Bu bayonotlar NATOning Bryusseldagi diplomatlarida xavotir uyg‘otdi, ular Qo‘shma Shtatlar ittifoqdagi rolini qisman qisqartirishi mumkinligidan qo‘rqadi.
Bryusseldagi ikki kunlik uchrashuv arafasida NATO bosh kotibi Mark Ryutte alyans kelajagiga ishonch bildirdi.
“Ishonchim komilki, AQSH bilan bu ittifoq davom etadi”, dedi u 2 aprel kuni.
NATOning qator davlatlari, jumladan, Germaniya allaqachon harbiy byudjetlarini sezilarli darajada oshirishini ma’lum qilgan. Mudofaa xarajatlari masalasi NATOning iyun oyida Gaagada bo‘lib o‘tadigan sammitida asosiy mavzu bo‘lishi kutilmoqda.
LiveBarchasi