AQSH Kuba Prezidentining iste’fosini talab qilmoqda – NYT

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanelni hokimiyatdan chetlatishga urinmoqda. Bu haqda to‘rtta manbaga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.  

Qayd etilishicha, muzokaralar davomida Amerika tomoni Kuba Prezidenti ketishi kerakligini tushuntirgan, biroq keyingi qadamlarni kubaliklarning ixtiyoriga qoldirgan. Tramp ma’muriyati mulozimlariga ko‘ra, Dias-Kanelning ketishi Kubada Vashington kutayotgan tarkibiy iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga imkon beradi, chunki amaldagi Prezident buni qo‘llab-quvvatlashi dargumon.

NYT suhbatdoshlaridan birining aytishicha, Vashington, shuningdek, hali ham Fidel Kastro g‘oyalariga sodiq qolgan ba’zi keksa amaldorlarning hokimiyatdan chetlatilishini xohlamoqda. Shu bilan birga, AQSH hozircha mamlakatda katta ta’sirga ega bo‘lgan Kastro oilasi a’zolariga qarshi keskin choralar talab qilmayapti.

Gazeta manbasiga ko‘ra, Kuba Prezidentining almashtirilishi Donald Tramp uchun “ramziy g‘alaba” bo‘ladi va unga xuddi Venesueladagi kabi AQSHga uzoq vaqt qarshi chiqqan chap qanot hukumati yetakchisini ag‘darganini e’lon qilish imkonini beradi. 

“Amerika rasmiylari nazarida muzokaralar Kubani o‘z iqtisodiyotini Amerika biznesi va kompaniyalari uchun bosqichma-bosqich ochishiga, qaram davlat yaratishga zamin hozirlashga hamda Tramp e’lon qilishi mumkin bo‘lgan bir nechta ramziy siyosiy g‘alabalarga erishishga qaratilgan”, deyiladi maqolada.

65 yoshli Migel Dias-Kanel 2018 yildan beri Kuba Prezidenti lavozimini egallab kelmoqda. “The New York Times” uni davlatning nominal rahbari deb ataydi. Uni o‘z vorisi sifatida sobiq prezident, hozirda 94 yoshda bo‘lgan va hali ham mamlakatda katta ta’sirga ega Raul Kastro tanlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp AQSH Kubani “do‘stona egallab olishi” (friendly takeover) mumkinligini aytgan va Kuba hukumati “tez orada qulashini” taxmin qilgan edi. “The Wall Street Journal” ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati 2026 yil oxirigacha hokimiyatni almashtirish uchun Kuba hukumatidan o‘z odamlarini (agentlarini) qidirgan.

Migel Dias-Kanel 13 mart kuni Kuba vakillari AQSH rasmiylari bilan muzokaralarni boshlaganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muloqot orqali “ikki davlat o‘rtasida mavjud bo‘lgan kelishmovchiliklarning ehtimoliy yechimini” topish ko‘zlangan.

Kecha, 16 mart kuni Kubada to‘liq blekaut (elektr ta’minotining butunlay uzilishi) sodir bo‘lgan. Dias-Kanel avvalroq mamlakat uch oydan ortiq vaqt davomida neft olmaganini, quyosh energiyasi, tabiiy gaz va issiqlik elektr stansiyalari hisobiga ishlayotganini aytgan edi. Ilgari Kuba neftni Venesueladan olgan, biroq AQSH Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroni qo‘lga olgach (asirga olgach), yetkazib berish to‘xtagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Kuba Migel' Dias-Kanel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing