Tramp Kubani “do‘stona” egallab olishga tayyorligini ma’lum qildi

Olam

image

Agar Kuba rasmiylari Vashington bilan kelishuv tuzishdan bosh tortsa, AQSH mamlakatni “do‘stona” tarzda egallab olishi mumkin. Bu haqda kecha, 9 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp jurnalistlar bilan muloqotda so‘z ochdi.

“Bu do‘stona egallash bo‘lishi mumkin. Yoki aksincha. Buning ahamiyati yo‘q, chunki ular, ta’bir joiz bo‘lsa, “so‘nggi nafasini olmoqda”. Ularda energiya yo‘q. Ularda pul yo‘q. Ular chuqur gumanitar inqiroz holatida”, deydi Tramp. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Davlat departamenti rahbari Marko Rubio Kuba bilan kelishuv ustida ishlamoqda, biroq uning mazmuni nimalardan iboratligiga aniqlik kiritmagan.

Bundan oldin Oq uydagi “The Atlantic” manbalari ushbu Lotin Amerikasi davlati Eron va Venesueladan keyin Trampning navbatdagi nishoniga aylanishi mumkinligini aytgan. 

“The Wall Street Journal” (WSJ) ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH Prezidenti ma’muriyati Kuba hukumati ichidan Vashingtonga amaldagi rejimni almashtirishda yordam beradigan odamlarni qidirishni boshlagan. Nashrning Amerika mulozimlari orasidagi suhbatdoshlari Oq uyga “voqealar rivoji qayerga qarab ketayotganini tushunadigan va kelishuvga rozi bo‘ladigan kimdir” kerakligini ta’kidlagan. O‘z navbatida, USA Today manbalari AQSH rasmiylari yaqin orada Kuba bilan kelishuv haqida e’lon qilishi mumkinligini, Gavana bilan muhokama qilinayotgan masalalar esa Prezident Migel Dias-Kanelning hokimiyatdan ketish ssenariysi, Fidel Kastro oilasining oroldagi maqomi hamda energetika, turizm va port xo‘jaligi sohasidagi kelishuvlarni o‘z ichiga olishini da’vo qilmoqda. Kelishuv doirasida Vashington Kubaga nisbatan ba’zi sanksiyalarni bekor qilishi ham mumkin.

AQSH 2025 yil avgust oyida Karib havzasida harbiy ishtirokini oshirishni boshlagan edi, sentyabrdan esa narkotrafikka aloqador deb hisoblangan kemalarga hujum qila boshladi. Joriy yilning yanvar oyida Amerika harbiylari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni o‘g‘irlab ketdi. Buning ortidan Tramp Kubaga Venesuela nefti yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ydi va orolda yonilg‘i inqirozini keltirib chiqardi. Yanvar oyi oxirida Oq uy rahbari Kuba tomonidan milliy xavfsizlikka tahdid tufayli favqulodda holat e’lon qildi.

Vashington bosimi fonida Kuba Prezidenti Dias-Kanel mamlakat himoyalanishga tayyorligini bildirib, ogohlantirish bergan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Kuba Vashington

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing