AQSH dengiz piyodasi Yaponiyada odam o‘ldirishda gumonlanib hibsga olindi

Olam

−

image

Bugun, 4 oktyabr kuni Yaponiyada AQSH dengiz piyodasi Okinava orolida sodir bo‘lgan deb taxmin qilinayotgan mahalliy aholi vakiliga nisbatan bosqinchilik va qotillik jinoyatida gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Okinava politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, kecha, 3 oktyabr kuni ertalab Okinava orolining Naxa shahridagi mehmonxona xonasida 39 yoshli ayol hayot belgilarisiz topilgan va hodisa joyida vafot etgan. Politsiya, shuningdek, ayolning o‘ldirilganini ma’lum qilgan.

Idoraning qo‘shimcha qilishicha, 20 yoshli dengiz piyodasi ham ushbu orolda joylashgan Futenma aviabazasida xizmat qilgan. Kuzatuv kameralaridagi yozuvlarda sochi olingan chet ellik erkak ayol bilan birga mehmonxona xonasiga kirgani, so‘ng uning buyumlarini olib, binoni tark etgani aks etgan. AQSHning Yaponiyadagi elchixonasi mazkur hodisaga X ijtimoiy tarmog‘ida munosabat bildirdi.

“Biz Okinava prefekturasida Yaponiya fuqarosining o‘limi bilan bog‘liq holda AQSH harbiy xizmatchisi qo‘lga olinganidan xabardormiz. Qo‘shma Shtatlar hukumati nomidan halok bo‘lgan ayolning oilasiga samimiy hamdardlik bildiramiz.

Hozirda sodir bo‘lgan voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda va AQSH hukumati Yaponiya hukumati hamda mahalliy hokimiyat organlariga yaqindan hamkorlikda ko‘maklashishni davom ettiradi”, deyiladi xabarda.

Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi X ijtimoiy tarmog‘ida Yaponiya Amerika tomoniga keskin e’tiroz bildirganini ma’lum qilgan.

“Okinava prefekturasining Naxa shahrida sodir bo‘lgan to‘nash va qotillik ishi bo‘yicha jabrlanuvchining o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildiraman.

Mazkur hodisaga kelsak, Okinava prefekturasi politsiyasi tomonidan tergov harakatlari davom etmoqda, biroq bugun men AQSH Dengiz piyodalari korpusi harbiy xizmatchisi hibsga olinganini bildim.

Nihoyatda shafqatsiz va g‘arazli xususiyatga ega ushbu hodisa chuqur afsus uyg‘otadi. Yaponiya hukumati Amerika tomoniga keskin e’tiroz bildiradi. Biz tergovda maksimal darajada ko‘maklashishni, AQSH harbiy xizmatchilari o‘rtasida intizomni qat’iy saqlashni va bu kabi hodisalar takrorlanishining oldini olishni qat’iy talab qilamiz.

Hukumat sodir bo‘lgan voqeaga tegishli munosabat bildirishni ta’minlash uchun bor imkoniyatini ishga soladi”, deyiladi Bosh vazir bayonotida.

Ma’lumot uchun, Yaponiyada AQSHning Shimoliy-Sharqiy Osiyodagi eng yirik harbiy kontingenti joylashgan bo‘lib, bu ishtirok 1960 yilda imzolangan “O‘zaro hamkorlik va xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risida”gi shartnomaga asoslanadi. Hozirda mamlakat bo‘ylab 85 tadan ortiq yirik va kichik harbiy ob’ektlar mavjud bo‘lib, ularda 50 ming atrofida amerikalik harbiy xizmatchilar doimiy asosda faoliyat yuritadi. Bazalarning va harbiylarning yarmidan ko‘pi Okinava prefekturasida to‘plangan, xususan, “Kadena” aviabazasi va “Futenma” dengiz piyodalari bazasi eng yirik ob’ektlar qatoriga kiradi, biroq bu mahalliy aholi orasida doimiy norozilik va ijtimoiy keskinliklarni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, Yokosuka shahrida AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining 7-floti bazasi joylashgan bo‘lib, u AQSHning mamlakat tashqarisidagi eng yirik dengiz bazasi va atom aviatashuvchi kemalari to‘xtash joyi hisoblanadi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing