AQSH bizning mag‘lubiyatimizni istayapti – Taremi
Sport
−
27 iyun 6360 2 daqiqa
Eron terma jamoasi sardori Mehdi Taremi JCH so‘nggi tur bahsidan keyingi matbuot anjumanida FIFA’ning vaziyatni boshqarishini tanqid qilib, AQSHga kirish vizasi berilmagan 11 nafar jamoa rasmiysi masalasini eslatdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Taremining aytishicha, bu turnir avval boshdan nizo va muammolar bilan boshlangan.
“Boshidanoq bu muammoli Jahon chempionati bo‘ldi. FIFA bu yerdagi barcha muammolarni hal qilishi kerak edi, ammo afsuski, bu masalani turnir boshlanganidan beri hal qila olmadi. Janob Infantino birinchi o‘yindan keyin kiyinish xonamizga kelib: “Bu hali boshlanishi”, degandi. Biroq ertaga guruh bosqichi tugaydi, bizda esa logistika xodimlarimiz yo‘q, chunki ular viza ololmadi. Bu qanday bo‘lishi mumkin?” degan Taremi.
Undan AQSH va FIFA Eronning turnirni tark etishini istayaptimi, deb so‘ralganda, futbolchi shunday bo‘lishi mumkinligini inkor qilmagan.
“Bu yerda biz hamma narsaga qarshi kurashishimizga to‘g‘ri kelyapti. Odamlar nima o‘ylayotganini bilmayman, ammo bizning nuqtai nazarimizdan qaraganda, ha, menimcha, ular shunday bo‘lishini istaydi”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron jamoasi guruh bosqichida Misr bilan dramatik durang o‘ynagandi. Uchrashuvning qo‘shimcha daqiqalarida Sho‘ja Xalilzoda kiritgan gol ofsayd sabab bekor qilindi, Said Ezatollahining bosh bilan yo‘llagan zarbasi esa to‘singa tegdi. Shu bois jamoa nafaqat natijadan, balki turnir davomidagi boshqa holatlardan ham norozi bo‘lib qolgan.
Live
Barchasi