Afrika kubogining eng yaxshilari aniqlandi

Sport

image

Senegal terma jamoasi hujumchisi Sadio Mane Marokashda bo‘lib o‘tgan Afrika kubogining eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etildi.

Turnir finalida Senegal terma jamoasi qo‘shimcha bo‘limlarda mezbon Marokashni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Asosiy vaqt yakuni bahsli voqealar bilan esda qoldi. Hakam qarorlaridan norozi bo‘lgan ayrim senegallik futbolchilar maydonni tark etgan bo‘lsa, oradan bir necha daqiqa o‘tib, jamoa sardori Sadio Mane ularni yana maydonga qaytarib olib chiqdi.

33 yoshli hujumchi final uchrashuvida gol ura olmagan bo‘lsa-da, jamoaning yetakchi futbolchilaridan biri sifatida maydonda faol harakat qildi. Mane turnir davomida Senegalning barcha yettita o‘yinida ishtirok etib, ikki gol muallifiga aylandi.

Marokash terma jamoasining qanot yarim himoyachisi Braim Dias to‘purarlar jadvalida yetakchilik qilgani uchun “Oltin butsa” sovrinini qo‘lga kiritdi. U yettita uchrashuvda 5 ta gol urdi. Biroq, final bahsida penaltidan foydalana olmadi. Uning zarbasini senegallik darvozabon Eduar Mendi qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.

Shuningdek, Marokash darvozaboni Yassin Bunu turnirning eng yaxshi posboni sifatida “Oltin qo‘lqop” sovrini bilan taqdirlandi. U musobaqa davomida jamoasining barcha yettita o‘yinida maydonga tushib, atigi 2 ta gol o‘tkazib yubordi.

Musobaqa mezboni bo‘lgan Marokash terma jamoasi esa adolatli o‘yin tamoyillariga rioya qilgani uchun “fair play” mukofotiga sazovor bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Sadio Mane Yassin Bunu Braim Dias Afrika kubogi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing