Afg‘onistonda halokatga uchragan samolyotdan million dollar o‘g‘irlangani rostmi?

Olam

image

Avvalroq, Hindistondan Rossiyaga uchayotgan samolyot Afg‘onistonda halokatga uchragani xabar qilingandi. Badaxshon viloyatida qulagan Falcon 10 samolyotidan 1,2 million dollar pul o‘g‘irlab ketilgani aytildi. Bu haqda “Hasht e Subh” nashri xabar berdi.

Portal ma’lumotlariga ko‘ra, halokatga uchragan samolyotga birinchi bo‘lib “Tolibon” qurolli kuchlari shtabi boshlig‘i Qori Fasihuddin Fitratga aloqador bo‘lgan bir guruh odamlar yetib borgan. Voqeadan xabar topgan Badaxshondagi “Tolibon” gubernatori Muhammad Ayub Xolid uni tekshirish uchun komissiya tayinlagan.

Falcon 10 biznes-jeti ekipajning to‘rt a’zosi qutqarildi, biroq ikki yo‘lovchi – tadbirkorlar Anatoliy va Anna Yevsyukovlar omon qolmadi.

Bugun, 26 yanvar kuni ertalab samolyot bortida bo‘lgan to‘rt nafar Rossiya fuqarosi – omon qolgan uchuvchilar va ikki shifokor vataniga qaytdi. 

Aeroport terminalida uchuvchi Arkadiy Grachev va feldsher Igor Sivorotkin halokatdan keyingi dastlabki 24 soat ichida qanday omon qolgani haqida gapirib berdi. 

“Biz sovuqda 1,5 kun o‘tkazdik, shu darajaga yetdiki, biz dantellarni yoqishimiz, o‘zimizni isitishimiz kerak edi. Keyin shifokorlar bizni tashqariga chiqara boshladi. Shundan so‘ng, albatta, afg‘on do‘stlarimiz yordamga kelishdi. Bizni to‘rt ming metr balandlikdan chuqur qor orqali olib chiqishdi. Biz qishloqqa besh soatcha piyoda yurib bordik”, deydi uchuvchi Arkadiy Grachev. 

U samolyotda 1,2 million dollar borligi haqidagi savollarga ham javob berdi.

“Yo‘q, u yerda pul yo‘q edi. Faqat shaxsiy pullarimiz bo‘lgan. To‘g‘ri, afg‘on xalqining beminnat yordami uchun ularga qandaydir tarzda rahmat aytishni xohladik. Biz ularga ozgina pul berdik”, deydi uchuvchi.

Shifokor Igor Sivorotkinning so‘zlariga ko‘ra, Falcon 10 halokatidan so‘ng omon qolgan rossiyaliklar muzlab qolmasligi uchun barcha kerakli narsalarni yig‘ib, samolyotda o‘zlariga joy ajratgan. Feldsher birinchi tunni ular bilan samolyot ichida o‘tkazgan va ertasi kuni ertalab u yordam izlab ketgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin atrofdagi qishloqqa yetib borgach, mahalliy aholiga o‘zi va sheriklari bilan sodir bo‘lgan voqeani imo-ishoralar bilan tushuntira boshlagan. 

“Keyin biroz inglizcha gapiradigan bir kishi keldi. Biz u bilan kelishib oldik va ular menga sun’iy yo‘ldosh orqali bog‘lanish uchun telefon berdi. Men ma’murlarimizga qo‘ng‘iroq qildim va vaziyatni aytdim", deb tushuntirdi Sivorotkin.

Uchuvchi Arkadiy Grachevning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘oniston xalqi ekipaj a’zolarini aka-uka sifatida qabul qilgan. Ekipaj a’zolari shifoxonada bo‘lganida, har besh daqiqada ularning oldiga kelib, sog‘lig‘idan xabar olib turishgan.  

Uchuvchi samolyot texnik nosozliklar tufayli halokatga uchraganini ham qistirib o‘tdi. Unga ko‘ra, bort yiqilmagan, ekipaj samolyotni tog‘ cho‘qqisiga qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lgan. 

Omon qolgan ikkinchi uchuvchi Dmitriy Belyakovning aytishicha, halokatga "aftidan yoqilg‘i bilan bog‘liq muammo" sabab bo‘lgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Afg‘onistonda Falcon 10 halokatining ustuvor versiyasi sifatida dvigatelning nosozligini ko‘rib chiqmoqda. Hozirda tergovchilar tintuv o‘tkazayotgani aytilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Rossiya samolyot Tolibon Falcon 10

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing